Yaratilgan sharoitdan minnatdormiz
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.Nukus shahridagi 18-saylov uchastkasida 2 ming 750 saylovchi ro‘yxatga olingan. Kunning birinchi yarmida saylovchilarning 70 foizdan ziyodi ovoz berdi.
Uchastka saylov komissiyasi a’zolari kuzatuvchilar hamrohligida saylov uchastkasiga kela olmaydigan saylovchilarning uylariga maxsus ko‘chma quti va byulletenlarni olib bordi.
Ular dastlab birinchi guruh nogironi Ko‘shkinboy Qurbonboyev xonadonida bo‘ldi.
– Prezidentlikka nomzodlarning tarjimai holi va dasturi bilan yaxshi tanishman, – dedi Ko‘shkinboy og‘a. – O‘zim munosib deb bilgan nomzodni tanlab qo‘yganman, uning uchun ovoz beraman. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘la foydalanishi uchun mana shunday imkoniyatlar yaratilganidan juda mamnunman.
Mahalla onaxonlaridan biri, 91 yoshni qarshilagan Saribike Davletova ham o‘z uyida ovoz berdi.
– Keyingi paytda oyog‘imdagi bod qo‘zg‘ab, yura olmayapman, – deydi Saribike momo. – Shu sababli saylov bo‘layotgan joyga bora olmadim. Mahallamiz faollari, komissiya a’zolari bir necha marta kelib, tayyorgarlik jarayonidan boxabar qilib turishdi. Nomzodlarni tanishtirdi, ularning maqsadlari haqida gapirib berdi. Ular orasidan ma’qul ko‘rganimni tanlab ovoz berdim.