Yaratilgan yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari tahlil qilindi
Har qanday strategiyaning qiymati qog‘ozdagi vazifalar emas, balki ularning hayotdagi ifodasi bilan o‘lchanadi. Jizzax viloyatida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosini o‘rganishga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuv ana shu jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, bu muloqotda rejalar emas, ularning amaliy natijalari, aholi hayotidagi aks-sadosi va istiqboldagi vazifalar muhokama markazida bo‘ldi.
Jizzax tibbiyot klasterida bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuv davlat dasturlari ijrosini shunchaki baholash bilan cheklanmay, hudud taraqqiyotining bugungi manzarasi va kelajak maqsadlarini atroflicha tahlil qilishga bag‘ishlandi. Unda Respublika ishchi guruhi a’zolari, soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari belgilangan vazifalarning hayotga qay darajada tatbiq etilayotganini chuqur o‘rganish maqsadida jam bo‘lishdi.
Uchrashuvni Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov ochib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini yuksaltirish hamda hududlarni mutanosib rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi. U har bir qaror va tashabbus zamirida inson manfaati mujassam ekanini alohida qayd etdi.
[photobank-434493]
So‘ngra “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Jizzax viloyatida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining amalga oshirilishini o‘rganish masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli maqsadlari, hududlarda ularni amalga oshirish yo‘lida bajarilayotgan ishlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi o‘zgarishlar chuqur tahlil etildi.
Xususan, aholi turmush darajasini yuksaltirish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan vazifalar ijrosiga alohida urg‘u berildi. Uchrashuv ochiq va erkin muloqot ruhida o‘tgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Muloqotda davlat dasturi ijrosi, aholi bandligi, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlashdagi muammolar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar muhokama qilindi. Bildirilgan har bir fikr joylardagi haqiqiy holatni aniqroq baholashga xizmat qildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Soatovning so‘zlariga ko‘ra, bugun mamlakatimizda kechayotgan barcha o‘zgarishlarning bosh maqsadi inson hayoti sifatini yaxshilashdan iborat.
— "O‘zbekiston–2030" strategiyasi yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, aholi farovonligini oshirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan, – dedi u. – Bu kabi o‘rganishlar hududlardagi mavjud holatga xolis baho berish, muammolarni aniqlash va ularni hal etishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Eng muhimi, bu jarayonda jamoatchilik ishtirokining kengayishi belgilangan maqsadlarga erishishda hal qiluvchi omildir.
Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh a’zolari nazariy muhokamalar bilan cheklanmadi. Ular davlat dasturida belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosini o‘rganish maqsadida qator ob’ektlarda bo‘lishdi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida yaratilgan sharoitlar, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda sohadagi o‘zgarishlar joyida o‘rganildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh ishlab chiqarish va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan ob’ektlarda bo‘lib, u yerda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, yaratilgan yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Bu esa qabul qilinayotgan qarorlar va dasturlar zamiridagi maqsadlarning amalda qanday natijalar berayotganini aniq ko‘rsatdi.
Bugun “O‘zbekiston–2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining uzoqni ko‘zlagan yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda belgilangan vazifalarning to‘laqonli ijrosi nafaqat davlat idoralari, balki jamoat tashkilotlari, mahallalar va fuqarolarning hamjihat harakatiga bevosita bog‘liqdir.
Jizzaxdagi ushbu uchrashuv ana shu haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: taraqqiyotga olib boradigan eng qisqa yo‘l – belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘z vaqtida eshitish va ularga amaliy yechim topishdan iboratdir. Zero, har bir hududdagi ijobiy o‘zgarish, avvalo, inson hayotida aks etgandagina haqiqiy samara beradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA