Yaqin tarix: Toshkentda Ramazon oyi qanday o‘tkazilgan?
Musulmon xalqlari hayotida har yili Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyat kasb etib kelgan.
Ajdodlarimiz ijtimoiy turmush tarzi haqida saqlanib qolgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu oyda odamlar bayramona kayfiyatda bo‘lgan va ko‘plab soha vakillari kunduz kunlari ish faoliyatini to‘xtatib, ko‘proq vaqtini ibodat bilan o‘tkazgan.
Toshkent asrlar davomida islom sivilizatsiyasining beshigi sanaladi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkent shahrida yigirmatacha madrasa va uch yuz elliktacha masjidlar faoliyat ko‘rsatgani haqida arxiv hujjatlarida ma’lumotlar bor. Ayni shu davrlarda shaharda Ramazon oyining qanday o‘tganligi haqida turli manbalarda ma’lumotlar saqlanib qolgan. Masalan, shahardagi bozorlar bu muborak oyda kunduzi faoliyatini to‘xtatgan. Savdogarlar savdo ishlarini kechqurun iftorlikdan keyin bo‘ladigan bozorshabda olib borganlar.
Akademik A.Muhammadjonov “Qang‘-qadimgi Toshkent va toshkentliklar” nomli asarida yozishicha, “Kechqurun shaharning markaziy ko‘chalaridan biri yoki maydon bezatilib, karnay-surnay nog‘oralar chalinib, maxsus jarchilar odamlarni bozorshabga chorlagan. Bozorshabda ko‘chaning ikki chetidagi choyxona va do‘konlar oldiga chorpoyalar qo‘yilib, har xil meva-cheva, oziq-ovqat sotilgan”.
Bozorshab “tungi bozor”, degan ma’noni beradi. Arxiv hujjatlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi bozorlarda sotiladigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bug‘doy, arpa, sholi, kepak, zig‘ir, kunjut, tariq, no‘xot, zig‘ir yog‘, sabzi, piyoz, lavlagi, sholg‘om, turp, tovuq go‘shti, mol go‘shti, qo‘y go‘shti, sut, sovun, har xil mevalar, nonlar, mayiz, o‘rik kabilar bo‘lgan. Eski Juva, O‘rda, Yakshanba bozorlari shahardagi eng yirik bozorlar sanalgan.
“Turkestanskiye vedomosti” gazetasida yozilishicha, shaharda Ramazon oyini xalq katta xursandchilik bilan o‘tkazgan. Shahar aholisining asosiy vaqti masjidlarda o‘tib, kunlik besh mahal namoz bilan birga kechqurun xuftondan keyin taroveh namozlarini ado etgan. Kunduzi ro‘za tutgan vaqtida kitoblar o‘qib, Allohni zikr qilish kabi amallarni bajargan. Bu oyda madrasa ta’limi to‘xtatilib, maktab ta’limi davom ettirilgan. Chunki maktabda bolalar xat-savod chiqarib, Ramazonda asosan katta choshgohgacha ta’lim jarayoni olib borilib, faqat Hayit bayramlaridagina bolalar ma’lum kunlarga dam olishgan. Shuningdek, Ramazon oyida maktab o‘qituvchilariga bolalarning ota-onalari tomonidan sovg‘alar, hadyalar ulashilgan. Bolalar esa kechqurun shaharning markaziy maydonlarida bo‘ladigan bayramona sayillarda ishtirok etib, tomoshalar ko‘rgan. Umuman, bu muqaddas oy maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar uchun katta xursandchilik bilan o‘tgan.
Boshqa oylarda hunarmandchilik ustaxonalari, do‘kon va choyxonalarning gavjumligi va shovqin-suroni Ramazon kunlarida yopilganligi tufayli shahar sokin bir ko‘rinishga ega bo‘lib qolar edi.
Ramazon oyining katta xursandchiliklaridan biri og‘iz ochish, ya’ni iftorlik vaqtidir. Iftorlik paytida Toshkent shahrining turli joylarida katta ziyofatlar uyushtirilgan. Shahardagi bozor maydonlari va bog‘larda bo‘ladigan sayillarda minglab odamlar yig‘ilgan, ularning asosiy qismini oddiy aholi tashkil etar edi. Bozorning asosiy yo‘laklarida choyxonalar joylashgan bo‘lib, iftorlik paytida bu choyxonalar ham gavjum joyga aylanardi. Chodirxayol qo‘g‘irchoq teatri, akrobatik tomoshalar bazm ishtirokchilariga o‘zgacha shukuh baxsh etsa, ba’zi joylardan milliy musiqa kuylarining ovozi ham eshitilib turardi.
Shuningdek, darveshlarning ovozi ko‘pchilikning e’tiborini tortib turgan. Iftorlik paytida maddohlar ham turli ma’lumot va rivoyatlarni aytib, odamlarni atrofiga to‘plagan, yig‘ilganlar esa qiziqarli ma’lumotlari evaziga ular uchun mayda chaqa tangalar tashlagan.
1908 yil “Turkestanskiy kurer” gazetasida “Starыy gorod” (“Eski shahar”) nomli maqolada bunday bayramona gavjumlik paytida bozorda olmani osmonga otsangiz yerga tushishi amrimahol, deb tasvirlangan. Umuman, bunday sayillarning eng gavjumlari Toshkent shahridagi Shayxontohur masjidining katta hovlisidagi bog‘da va bozorlarda bo‘lib o‘tgan. Ba’zilarning hovlilarida ham Ramazon shukuhi aks etib, turli ziyofatlar bo‘lib turgan.
Yil davomida Ro‘za hayiti bayrami katta shodiyonalik bilan o‘tkazilgan. Bayram kunlarini esa shahar qozisi e’lon qilgan. Masalan, Toshkentda 1875 yil Ro‘za hayiti kuni 22 oktyabrga to‘g‘ri kelganligi manbalarda keltirilgan.
Ajdodlarimiz hayotida Ramazon oyining fayzu futuhi o‘ziga xos tarzda o‘tib, hayotining ma’lum qismini dunyoning ishlaridan uzilib, vaqtini toat-ibodatga, shuningdek, xursandchilikka baxsh etgan bo‘lsa, bu muborak oyning shodlik kunlari bolalarning ham qalbiga cheksiz quvonch olib kirgan.
Obid TANGIROV,
Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri.
O‘zA.