Yaqin kelajakdagi ulkan o‘zgarishlar asosi
Munosabat

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning tag zaminida inson, uning farovon va bekamu- ko‘st yashashi, erkin hayot kechirishi, farzandlarining ilm olishi, mehnat qilishi, dam olishi va shu millatni rivojlantirishga xissa qo‘shishi kabi ulug’ maqsadlar mujassamlangan.
Prezidentimiz tashabbusi va sa’y harakati bilan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan besh tashabbusni o‘z ichiga olgan harakatlar strategiyasi, yangi O‘zbeksitonda yangicha rux va yangicha davrni o‘z ichiga olgan yetti ustuvor masalani jamlagan taraqqiyot strategiyasi barqaror taraqqiyot va bunyodkorlikning o‘ziga xos inikosi, izchil va shiddatli islohotlarning uzviy davomi sifatida ko‘zga tashlandi. Strategiya taraqqiyot 2030 ning asosiy g’oyasi barqaror iqtisodiy rivojlanish asosida rivojlangan davlatlar qatoridan joy olish, Xalqaro andozalarga javob bera oladigan ta’lim, tibbiyot ijtimoiy himoya tizimini yo‘lga qo‘yish, xalq, ulusning manfaatlarini har tomonlama qo‘llab quvvatlaydigan, himoya qiladigan davlatni barpo etish orqali aholiga qulay ekologik shart-sharoit yaratish va shu yurtda yashayotgan barcha kishilarning mustaqilligi hamda xavfsizligini kafolatlashdir.
Strategiya 2030 jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbirlar, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich, 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishini ko‘zda tutgan holda 5 ta ustuvor yo‘nalishga ajratilgan.
Birinchi ustuvor yo‘nalish – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish. O‘z ichiga 44 ta maqsadni oladi. Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 130 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 38 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash va qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish-barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash. Bu 17 ta maqsad (45-61-maqsadlar) doirasidagi 68 ta amaliy chora-tadbir va 55 ta vazifani qamrab olgan. YaIM, byudjet, sanoat, investitsiya, bank, “yashil iqtisodiyot”, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, eksport, monopoliyalar, IT, turizm, xizmatlar, infratuzilma, uy-joy masalalariga oid 75 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 29 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash belgilangan.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Bunda 12 ta maqsad (62-73-maqsadlar) doirasida 31 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 39 ta maqsadli ko‘rsatkich ishlab chiqiladi hamda 15 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlanadi.
To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – 16 ta maqsadni o‘z ichiga olgan (74-89-maqsadlar) qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishdir. Bu 51 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifani o‘zida qamraydi. Bunda mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korrupsiya masalalariga oid 41 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 25 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish- “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish. Unda 11 ta maqsad (90-100-maqsadlar) doirasida 63 ta chora-tadbir va 23 ta vazifa bajariladi. Xususan, tashqi siyosat, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, xorijdagi vatandoshlar, mehnat migratsiyasi, Qurolli kuchlar, favqulodda vaziyatlar, millatlararo totuvlik masalalariga aloqador 21 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash talab etiladi.
Strategiya 2030 ni o‘qib turib unda qo‘yilgan vazifalarni tanishib bevosita shu xulosaga kelamizki bu hujjat inson huquqlarini ta’minlanishining tayanch va kafolatli asosidir. Kafolatli asosi, oxirgi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini namoyish qilishdek ezgu ishlarni amaliy natijasidir. O‘z-o‘zidan stretegiyada bu borada amalga oshiriladigan vazifalar o‘z tasdig’ini topgan. Insonning yaxshi yashash, sog’ligin saqlash tinch va farovon hayot kechirishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liqroq ro‘yobga chiqarish tibbiy xizmat darajasini yaxshilash 70% aholi murojaatining birlamchi bo‘g’inlarda hal etish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga taalluqli bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlariga to‘liq qamrab olish , oliy ta’lim tizimida “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, 50 ta qo‘shma dastur asosida 2 diplomli tizim joriy etish, 2026 yilga qadar kambag’allikni keskin kamaytirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda strategiya yangi O‘zbekiston orzusini real haqiqatga aylantirish belgilangan. Yurtimizga xalqaro maydonda hurmat va e’tiborni yanada yuksaltirish, davlatimizning yanada ulug’vor natijalariga erishishga xizmat qiladi.
Nodir G’afforov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
O‘zbek va chet tillari kafedrasi
mudiri, filologioya fanlari doktori