Yaponiyada tayfun sabab 1,6 million aholi ko‘chirilmoqda
Yaponiya poytaxti Tokio atrofida kuzatilgan “Dujuan” kuchli tayfuni suv toshqini va ko‘chki keltirib chiqardi. Natijada 1,6 milliondan ortiq aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha ogohlantirish berildi. Shamol tezligi soatiga 144 kilometrga yetgan to‘fon minglab xonadonni elektr energiyadan uzdi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, ofat oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan.
Meteorologlar bildirishicha, kuchli yog‘ingarchilik sentabrdagi o‘rtacha oylik me’yordan ortgan. Ofat sabab transport tizimida jiddiy uzilish yuzaga keldi: Tokio – Osaka tez yurar poyezdi harakati vaqtincha to‘xtadi. Aviakompaniyalar 270 dan ko‘p reysni bekor qildi. Toshqin tufayli qator yirik tadbirlar, jumladan mashhur “Tokyo Game Show” ko‘rgazmasining oxirgi kuni va ochiq havodagi musiqa festivali muddatidan oldin to‘xtatildi. Hozir tayfun shimoli-sharqqa Aleut oroli tomon harakatlanib, sohildan uzoqlashmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA