Yaponiyada suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda
Joriy yilning 30-mart – 1-aprel kunlari Yaponiyada infratuzilmani rivojlantirish va moliyalashtirishning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro o‘quv- seminar bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi, jumladan, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Mazkur seminar Osiyo taraqqiyot banki instituti hamda Toyo davlat-xususiy sheriklik universiteti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, “DXSH modeliga e’tibor qaratgan holda infratuzilma uchun uzoq muddatli moliyalashtirish va hamkorlikka asoslangan yechimlar” mavzusiga bag‘ishlangan.

Tadbir doirasida infratuzilmani boshqarish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar almashilmoqda, zamonaviy boshqaruv tizimlari hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini samarali moliyalashtirish mexanizmlari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Ayni paytda ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nodir Xo‘jamov boshchiligidagi mutaxassislar ham bor. Ular Yaponiyaning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganib, uni mamlakatimizda soha rivojiga tatbiq etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Xalqaro konferensiyada kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, uni samarali boshqarish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishilmoqda.
Xususan, “Mitsubishi Corporation” kompaniyasi tomonidan kommunal infratuzilmani rivojlantirishga oid davlat-xususiy sheriklik loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Unda suv ta’minoti va oqova tizimlarini loyihalash, moliyalashtirish, qurish hamda samarali ekspluatatsiya qilishning zamonaviy mexanizmlari batafsil yoritildi.

Taqdimotda infratuzilma ob’ektlarini boshqarishda integratsiyalashgan yondashuv – ya’ni ichimlik suvi ta’minoti, oqova tizimlari va raqamli monitoringni yagona tizimga birlashtirish masalalari alohida ta’kidlandi. Bu esa xizmatlar barqarorligi va uzluksizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur model orqali davlat strategik boshqaruvni saqlab qolgan holda, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, infratuzilmani texnik jihatdan yangilash hamda xizmatlar sifatini oshirish imkoniyati yaratiladi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi xalqaro tadbirlarda ishtirok etish O‘zbekistonda suv ta’minoti va kommunal xizmatlar sohasini yanada takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv va moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA