Yaponiya o‘z tarixidagi eng katta byudjetni qabul qildi
Yaponiya parlamenti yuqori palatasi 2026-yil uchun rekord darajadagi davlat byudjeti — 122,3 trillion iyena (664 mlrd yevro)ni qabul qildi. Bu mamlakat tarixidagi eng katta moliyaviy reja hisoblanadi. Ekspertlar fikricha, byudjet o‘lka bosh vaziri Sanae Takaichining iqtisodiyotni faol qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mos keladi. Hujjat avval quyi palatada ma’qullangan bo‘lsa-da, yuqori palatada kechikib tasdiqlandi.
Ta’kidlanishicha, yangi byudjetda ijtimoiy sohalarga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, 39 trillion iyena ijtimoiy ta’minotga ajratilgan bo‘lib, bu umumiy xarajatlarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. Shuningdek, maktablarda bepul ta’lim va ovqatlanish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratilgan. Bu choralar aholi farovonligini oshirishga qaratilgan.
Yana bir muhim jihat, yangi byudjetda mudofaa sohasiga 8,8 trillion iyena ajratilgan bo‘lib, bunda o‘tgan yilga nisbatan o‘sish kuzatilgan. Hukumat buni milliy xavfsizlikni mustahkamlash bilan izohlamoqda. Ayniqsa, xalqaro vaziyatdagi noaniqliklar bu qarorga ta’sir qilgan.
Iqtisodchilar bu qadar katta xarajatlar xavfli bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Yaponiyaning davlat qarzi allaqachon YAIMning 250 foizidan oshgan. Shu sababli yangi byudjet katta qarz olishni talab qiladi. Shu bilan birga, neft importiga bog‘liqlik va Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat ham mamlakat iqtisodiyotiga bosim o‘tkazmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA