Yaponiya Ukraina mojarosi sharoitida 150 yil davomida uchinchi bor tarixning burilish nuqtasi bilan yuzma-yuz keldi. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida parlamentning quyi palatasi majlisida so‘zga chiqib shu haqda gapirgan.
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Ukraina mojarosini "xalqaro huquq asoslarini larzaga solgani va Osiyo mintaqasida vaziyat urushdan keyingi davrdagi eng keskin va murakkab ekanini" ta’kidlagan.
"Zamonaviy dunyoda Yaponiya asosan ikkita burilish nuqtasiga duch kelgan. Uning birinchisi Meydzi Restavratsiyasi (1868 yilda boshlangan) va ikkinchisi oradan 77 yil o‘tib Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan bog‘liq. Uchinchi tarixiy burilish nuqtasi ham oradan 77 yil o‘tib yuzaga kelmoqda", - dedi u Ukraina atrofidagi mojarolarga izoh berar ekan. Ukraina mojarosi "xalqaro huquqning asoslarini larzaga soldi", Osiyo mintaqasida xavfsizlik sohasidagi vaziyat esa "urushdan keyingi davrlar ichida eng keskin va murakkab hisoblanadi", deyiladi xabarda.
"Dunyoning ma’lum bir qismida yuzaga kelgan status-kvoni kuch bilan o‘zgartirish uchun bir yoqlama urinishga toqat qilib bo‘lmaydi", - deb qo‘shimcha qilgan Kisida.
Yaponiya 2023 yilda katta yettilik guruhiga raislik qiladi. May oyida Xirosimada mazkur yettilikning sammiti bo‘lib o‘tadi.