O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov Yaponiya adliya vaziri Keysuke Suzuki bilan uchrashdi. Unda adliya va huquq sohasida istiqbolli hamkorlik aloqalari hamda birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi takliflar muhokama qilindi.
A.Toshqulov delegatsiya vakillariga ikki davlat huquqshunoslari va olimlari hamkorligida olib borilayotgan ishlar, o‘zaro tashriflar va vazirlik faoliyatiga oid islohotlar haqida so‘zlab berdi.
Yaponiya adliya vaziri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aniq mexanizmlar belgilangani juda muhim ekanligini qayd etdi.

Janob K.Suzuki ikki vazirlik o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, “adliya muloqoti” formatida yangi tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida A.Toshqulov 29-30 may kunlari tashkil etilayotgan IV Xalqaro yuridik forumi – “Tashkent Law Spring”ga Yaponiyadan katta delegatsiya kutilayotganini ta’kidladi. Yaponiya adliya vazirligi qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro hamkorlikni ta’minlash va mustahkamlashda O‘zbekistonning ishonchli va uzoq muddatli strategik sherigi ekanligini e’tirof etdi.
Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari Toshkent davlat yuridik universitetidagi Yapon huquqini tadqiq qilish markazi faoliyati bilan tanishib, markaz tinglovchilari bilan suhbatlashdi.
N.Abduraimova, O‘zA