“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan yanvar oyida 1,3 milliard kilovatt soat elektr energiyasi va 1,5 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, tarmoqqa uzatildi.

Energiya ishlab chiqarishda tejamkorlikka ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 5,29 million metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish mo‘ljallangan bo‘lsa, amalda 5,30 million metr kub tabiiy gaz tejaldi, ya’ni reja 100,2 foizga bajarildi.
Elektr energiyasi tejamkorligi bo‘yicha ham 10,8 million kilovatt soat o‘rniga, 10,94 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinib, reja 100,9 foizga bajarildi.
Bu haqda bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Feruza Turg‘unova ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 8 ta loyiha bo‘yicha 6,3 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 6,8 milliard so‘m yoki 108,1 foizga bajarilgan. Shuningdek, kooperatsiya aloqalari doirasida 1,5 milliard so‘mlik xaridlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda bu ko‘rsatkich 1,7 milliard so‘m yoki 116,2 foizga yetgan.
Importni qisqartirish masalasida ham yuqori natijalar qayd etilgan. 583 ming AQSH dollari iqtisod qilish maqsad qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 657 ming AQSH dollariga yetkazildi yoki reja 112,6 foizga bajarildi. 2025 yilda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 17 ta investitsiya loyihalari doirasida 701,93 million AQSH dollari o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilning yanvar oyi uchun 35,2 million AQSH dollari o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 42 million AQSH dollariga yetdi va ijro 119,3 foizga uddalandi.
Ayni paytda Sergeli va Yunusobod tumanlarida kogeneratsiya loyihalari doirasida yangi gaz-porshenli qurilmalar qurilmoqda. Shuningdek, "Talimarjon" va "Navoiy" IESlarda umumiy quvvati 1715 MVt bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarini barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.
–“Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi 20 yanvar kuni “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga “BB-” “Barqaror” xalqaro kredit reytingini berdi. Bu korxonaning moliyaviy majburiyatlarini samarali bajarayotgani va kredit siyosati jozibador ekanini anglatadi. Shuningdek, mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2025 yilning yanvar oyi yakunida 156,2 milliard so‘m iqtisod qilish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 163 milliard so‘mga yetdi va reja 104,4 foizga bajarildi, –dedi F.Turg‘unova.
N.Ziyodullayeva, O‘zA