Yangitdan barpo etilgan bog‘cha bolajonlar ixtiyorida
Andijon viloyati Bo‘ston tumani Guliston mahallasida Investitsiya dasturi doirasida yangitdan barpo etilgan 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, tuman hokimi, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlod kamoloti, ularning ta’lim-tarbiyasi borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Qurilish, rekonstruksiya ishlari “Sohibqiron bilding” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bajarildi. Qurilish va jihozlash ishlari uchun 2 milliard 846 million so‘m mablag‘ sarflandi.
[gallery-4836]
Ikki qavatli, zamonaviy qiyofaga ega, 120 o‘rinli ushbu muassasada bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Muassasada musiqa, sport, gimnastika, ingliz, rus tillari to‘garaklari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotining ishga tushishi bilan o‘nlab yangi ish o‘rni yaratildi.
– Ayni kunda Bo‘ston tumanida 27 ta davlat, 5 ta nodavlat, shuningdek, 52 ta uy bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Bo‘ston tumani maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Shoiraxon Nurdinova. – Umuman, Bo‘ston tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish 95,7 foizga yetkazilgan.
Joriy yilda tumanda yana 3 ta bolalar bog‘chasi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA