Yangiqo‘rg‘onning o‘sish nuqtalari nimalarda aks etadi?
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimiga asosan qoniqarsiz, deb topilgan 33 tuman qatoriga Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani ham kiritilgan edi.
Hududda turizmni rivojlantirish, kichik sanoat zonalarini tashkil etish, avvalo Yangiqo‘rg‘on tumanini “qizil hudud”dan chiqarish, qolaversa, iqtisodiyotini ko‘taruvchi “drayver”, ya’ni “o‘sish nuqtasi” sifatida qaralmoqda.
Xalq deputatlari Yangiqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Asadulla Najmiddinov hududda joriy yil amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar hamda 2021 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan aholiga qilgan murojaatida shu haqda ma’lum qildi.

Yangiqo‘rg‘on tumanining tog‘li hududlarida mavjud beshta yirik dam olish maskani, 80 dan ortiq mehmon uylari rekonstruksiya qilinib, foydalanilmay turgan 11 istirohat maskaniga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish hisobiga zamonaviy dam olish sihatgohlari hamda mehmonxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kichik sanoat zonalari muhim yo‘nalish sifatida belgilanib, har bir sektorda bittadan shunday sanoat hududlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, 24,7 gektar maydondan iborat “Bunyodkor”, “Nurafshon”, “Gulshan” va “Yangi Bog‘iston” kichik sanoat zonalariga 132 milliard so‘m qiymatga ega 51 loyiha joylashtiriladi.
Hokim murojaati yuzasidan muzokaralarda aksariyat hududlarda bolalar bog‘chalariga ehtiyoj sezilayotgani bilan bog‘liq muammo o‘rtaga tashlandi.
bugungi kunda tumanda 158 maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, shundan 45 tasi davlat tasarrufida. Shuningdek, uchta davlat-xususiy sherikchiligi asosida, oilaviy tarzda 110 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlash joizki, 45 davlat bog‘chasining quvvati 4 ming 685 nafarga mo‘ljallangani holda, ularda tarbiyalanayotgan bolalar soni 6 ming 740 nafarni tashkil etadi. Bu esa tumanda yana ko‘plab maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etishni taqozo qilmoqda. Taassufki, tumandagi 29 mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bolalar bog‘chasi qurilmagan. Yana bir muammo shundaki, mavjud tarbiya maskanlarining deyarli yarmi sharoitga moslashtirilgan, ya’ni maktabgacha ta’lim talablariga javob bermaydi.
Ma’lumot o‘rnida, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 3 ming 958 nafar 6 yoshli bola bo‘lib, ularning 2 ming 28 nafari yoki 51,2 foizi maktabgacha ta’limga qamrab olingan. Vaholanki, bundan uch yil avval tuman qamrov bo‘yicha viloyat miqyosida eng past o‘rinda turgan (26 foiz).
Bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 62 foizga, kelasi yilda esa 72 foizga ko‘tarish rejalashtirilgan. Bunday salmoqqa oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish, davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim muassalarini barpo etish hamda davlat ixtiyoridagi muassasalarda sharoitlar yaratish hisobiga erishish nazarda tutilgan.
Murojaatda tumanda kelgusi yilda hal etilishi zarur bo‘lgan muhim masalalar, dolzarb muammolar haqida ham to‘xatilib o‘tildi.

Tuman aholisini asosan ichimlik suvi va tabiiy gaz ta’minoti, kanalizatsiya, yo‘llar va ichki ko‘chalar bilan bog‘liq muammolar tashvishga solmoqda. Tumandagi barcha mahalla ichki ko‘chalarini to‘liq ta’mirlash bo‘yicha xatlov ishlari olib borildi. Buning natijasida 2021 yilda 36 mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 43 ta ko‘chada qiymati 5,5 milliard so‘mlik 65 kilometr yo‘lni ta’mirlash zarurligi aniqlandi.
Eng asosiysi, Yangiqo‘rg‘onni “qizil hudud”dan chiqarish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash, odamlar turmush sharoitini yanada yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 1 trillion 963 milliard so‘mlik 144 istiqbolli loyihani amalga oshirish hisobiga 3 ming 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA