Yangiqo‘rg‘onlik ota aliment pulini oldindan to‘ladi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi ish yurituvidagi aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash davomida qarzdor ota oldindan farzandi moddiy ta’minoti uchun 18 yoshga qadar hisoblangan qarzdorlikni to‘lab berdi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining buyrug‘iga ko‘ra, fuqaro U. I. dan undiruvchi S. J. foydasiga bir nafar bola uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdor otaga o‘z vaqtida to‘lab borishligi tushuntirilgan. Ijro harakatlari davomida, qarzdorning mamlakatimiz hududidan chiqishi ham vaqtincha cheklangan. Shuningdek, qarzdorning nomidagi mol-mulklarni aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlardan so‘rovnomalar olingan va aniqlangan mol-mulklariga nisbatan ta’qiq qo‘yilgan.
Qarzdor ota aliment mablag‘ini o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan edi. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdor otaga amaldagi tartibga asosan oldindan yoki voyaga yetgunga qadar moddiy ta’minotini to‘lashligi tushuntirildi. U bundan xulosa qilib, aliment mablag‘ni farzandi uchun oldindan to voyaga yetguncha davri uchun to‘lab borishligi yuzasidan bo‘limga murojaat etdi. Uning arizasi o‘rganilib, bolasi uchun avvaldan 18 yoshga kirgunigacha hisob-kitob qilinganda 157 million 943 ming so‘mni tashkil etdi.
Fuqaro U. I. ushbu hisoblangan mablag‘ni bir yo‘la to‘lab berdi. Buning natijasida unga nisbatan yuritilayotgan ijro hujjati amalda tugatildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA