Yangiqo‘rg‘onlik hunarmand mahsulotlari xorijga yo‘l olmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi hunarmand Mavluda Sarmanova 40 yildan buyon to‘quvchilik bilan shug‘ullanib keladi. Ayni paytda u tumandagi “Kelajak” markazida yoshlarga hunar sirlarini o‘rgatmoqda.
Hunarmand tabiiy tolalardan tayyorlangan rang-barang iplardan foydalanib, kiyim-kechak, milliy qo‘g‘irchoqlar, yumshoq o‘yinchoqlar, poyabzal, sumka hamda turli dekorativ buyumlar kabi 30 dan ortiq turdagi mahsulotlar tayyorlaydi.
[gallery-3761]
Mavluda Sarmanovaning qo‘l mehnati namunalari xalqaro festivallarda ham namoyish etilgan. Milliy qo‘g‘irchoqlarga xorijlik mehmonlarning qiziqishi natijasida uning bir qator kolleksiyalari Turkiya, Hindiston va Qozog‘istonga sotilgan.
U buyurtmalar asosida turli tashkilotlar uchun yumshoq o‘yinchoqlar ham tayyorlaydi. Mazkur faoliyatdan oyiga 10 million so‘mdan ortiq daromad olmoqda.
Hunarmandning navbatdagi maqsadi — ertak qahramonlari va milliy qo‘g‘irchoqlar jamlangan mo‘’jaz o‘yinchoqlar do‘konini tashkil etish. Bu orqali u o‘z mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, shogirdlarining ijodiy ishlarini namoyish etish va sotish uchun yangi imkoniyat yaratishni rejalashtirgan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA