Yangiliklar soliq to‘lovchilarga yetkazilmoqda
Soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar va yangiliklarni soliq to‘lovchilarga yetkazish maqsadida Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, tegishli qonun hujjatlari bilan 2024 yil 24 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi, “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
Mazkur qonun hujjatlari bilan Soliq kodeksining 37 ta moddasiga, shuningdek, Byudjet kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Aytish joizki, aholi va tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar berish, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda investitsion muhitni yaxshilash maqsadida 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan kambag‘al oila a’zolari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilandi.
Shuningdek, 2028 yil 1 yanvarga qadar magistral yo‘llar bo‘yida ko‘chma savdoni tashkil qilgan yoshlar faoliyatining dastlabki 6 oyi davomida soliqlarni to‘lashdan ozod etildi.
Bu kabi berilayotgan imtiyoz va yengilliklar yurtimizda tadbirkorlikning rivojlanishi hamda qulay ishbilarmonlik muhiti shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-21276]
– Soliq tizimidagi yangiliklar bizni hech qachon befarq qoldirmaydi, – deydi seminar ishtirokchisi Gulzoda Shodmonova. – Sababi yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lsak, faoliyatimizda bizga asqatadi. Bugungi seminarda berilgan ma’lumotlar ham biznesimizni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminarda qonunchilikdagi yangiliklar soliq to‘lovchilarga yetkazilib, ularni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytarildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari