Yangiliklar chekka xududlarda ham o‘zini oqlayaptimi?
Ma’lumki, so‘nggi yillarda xalq ta’limi, xususan malaka oshirish tizimi yangicha formatda tashkil etilmoqda.
Maktab direktorlari, fan o‘qituvchilari bosqichma-bosqich uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimiga transformatsiya qilinmoqda. A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishga tushirilgan “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali malaka oshirish yo‘lga qo‘yildi. Endilikda respublikamiz bo‘ylab xalq ta’limi xodimlari mazkur elektron platforma orqali o‘z malakasini oshiryapti.
Xo‘sh, mazkur elektron platforma malaka oshirayotgan pedagog xodimlarga ma’qul kelayaptimi? Ular bu tizim qulayligi va imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalana olayaptilarmi?
A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon Radjiyevning hududlarga rejalashtirilgan navbatdagi xizmat safari mana shu masalalarga qaratildi. Ayubxon Radjiyev mas’ul xodimlar bilan Samarqand viloyati malaka oshirish hududiy markazida bo‘ldi. Markaz professor-o‘qituvchilari, umumta’lim maktablarning pedagog xodimlari ishtirokida "Uzluksiz kasbiy ta’lim" platformasi bo‘yicha seminar olib bordi.

Yangi uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimiga o‘tish, elektron platforma orqali uzluksiz malaka oshirishni tashkil etishdagi dolzarb masalalar bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, uzluksiz kasbiy ta’lim maxsus elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tish va undagi kurslar to‘g‘risida, platformaning imkoniyatlari hamda bunda malaka oshirishning afzalliklari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida Uzluksiz kasbiy ta’lim elektron platformasi orqali malaka oshirgan pedagog-xodimlar bilan suhbatlashib, mazkur platforma to‘g‘risidagi fikrlari bilan qiziqdi. Takliflar olindi va kerakli tavsiyalar berildi.
Mazkur sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning fikricha, bu boradagi yangiliklar, malaka oshirishga yangicha yondashuv tizimda faoliyat yuritayotgan rahbar va pedagoglar uchun ma’qul bo‘lmoqda.
B.Meliqulova, O‘zA