8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Konstitutsiya mamlakatning asosiy qonuni bo‘lib, davlat va jamiyat qurilishi, insonning huquq va majburiyatlarini o‘zida aks ettirgan oliy yuridik kuchga ega hujjat hisoblanadi.
Konstitutsiya xalq farovonligi va insonlar manfaatlarining eng oliy huquqiy kafolati bo‘lib, jamiyat hayotini shakllantirish va davlatni tashkil etishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos kelgan. Lekin undagi ba’zi normalarni takomillashtirish, bugungi kun talablariga moslashtirishni zamon taqozo etganligi sababli, 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimiz tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, ustuvor konstitutsiyaviy prinsiplarni yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanilishi belgilab berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan yangi, zamonaviy va muhim normalarning hayotga izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yangi davrni boshlab bermoqda.
Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga qaratilganligi Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini namoyon etdi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga jinoiy ta’qibga uchragan, hibsga olingan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxsning adolatli sud orqali himoyalanishiga bo‘lgan huquqini ifoda etadigan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan “Xabeas korpus” instituti va “Miranda qoidasi”ning mamlakatimiz qonunchiligida joriy etilishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladigan qator normalar kiritildi. Bu normalar qonunlarimizda avvaldan mavjud bo‘lsa-da konstitutsiyaviy qoida sifatida kiritilishi muhim ahamiyatga egadir. Shaxsni sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turish mumkin emasligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoidalar aynan ushbu xalqaro hujjatlarning milliy qonunchiligimizda konstitutsiyaviy qoida sifatida joy olganini ko‘rsatadi.

Konstitutsiyaning siyosiy huquqlar belgilab berilgan 8-bobiga barcha fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi, davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanishi haqidagi yangi norma kiritilganligi ham inson huquqlari himoyasining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar belgilab berilgan 9-bobiga kiritilgan 47-moddasiga ko‘ra, har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.
Ushbu norma xususiy mulkning himoyasi Konstitutsiya doirasida himoya qilinishini kafolatlash bilan bir qatorda, mazkur Konstitutsiya loyihasining 31-moddasida ko‘rsatilgan “Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega” ekanligi haqidagi qoidani mustahkamlagan va to‘ldirgan.
Yangi Konstitutsiyaning yana bir diqqatga sazovor qoidasi 67-moddada belgilab berilgan. Unga ko‘ra, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Bu qoidalar xalq farovonligini va mamlakat iqdisodiyoti barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan, tadbirkorlar va ularning himoyasini ta’minlaydigan, davlat organlarining bu boradagi mas’uliyatini oshiradigan konstitutsiyaviy me’yorlardir.
Ta’kidlash joizki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi inson huquq va erkinliklari himoyasini kafolatlaydigan, davlatning xalq oldidagi mas’uliyatini oshiradigan, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari milliy qonunchiligimizga konstitutsiyaviy qoida sifatida tatbiq qilingan Bosh qomus bo‘lgani bilan yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Olim Hayitov,
Samarqand viloyat sudi raisi.
O‘zA