Konstitutsiya – davlatning Asosiy qonuni, u davlatning tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibini, fuqarolarning huquq va majburiyatlarini, shaxs, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimi hamda saylov tizimini belgilab beradi.
Konstitutsiya jamiyat kelajagini, taraqqiyot yo‘llarini belgilab berishi kerak. Buning uchun davlatning buguni va ertasini belgilovchi asosiy qonun sifatida makon va zamonga mos bo‘lishi, insoniyat taraqqiyotining talab va ehtiyojlarini o‘zida mujassam etishi lozim. Shundagina mamlakat va xalqning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.
Konstitutsiyamiz shu tamoyil asosida katta-kichik o‘zgarishlar bilan yangilanib kelmoqda. 1992 yildan 2023 yilga qadar Konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Joriy yilda esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida Bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi.

Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirildi:
O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi. Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini ko‘zda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini oldi. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratiladi. Davlat diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiya egallaydi.
Yangi Konstitutsiyaning 154-moddasi bilan 1-moddadagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi, shuningdek, 154-moddaning ikkinchi bandi ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Boshqacha aytganda, bu norma – O‘zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.
Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilandi. Inson va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Konstitutsiyada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlandi. Bundan tashqari, Konstitutsiyaga advokaturaga bag‘ishlangan alohida bobning kiritilishi sud hokimiyati, prokuratura organlari qatorida odil sudlovning muhim tarkibiy qismi sifatida advokaturaning huquqiy maqomi belgilanishiga xizmat qildi.
Ushbu maqsadga erishish uchun isonning sha’ni va qadr qimmati daxlsizligi, davlat organlari tomonidan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakli belgilangan.
Aybsizlik prezumsiyasi yanada kuchaytirildi.
Jumladan, ilgari shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblangan bo‘lsa, endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlanadi.
Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi belgilandi. Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Ilk marotaba yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sudning qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi belgilandi. Ilgari ushbu vakolat prokurorga tegishli bo‘lib, uning sudlarga o‘tkazilishi shaxs daxlsizligi va konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda tub burilish bo‘ldi.
Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanishi inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligini ta’minlaydi.
Shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar kiritildi.
Bundan tashqari, sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lmasligi belgilandi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritildi.
Konstitutsiyada sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash va sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha normalar mustahkamlandi.
Fuqarolarga sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqining berilishi fuqarolarning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yangi mexanizm hisoblanadi.
Yuqoridagilardan tashqari, konstitutsiyaga boshqa ko‘plab normalar ham qo‘shildi, jumladan:
• O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi;
• agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas;
• qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi;
• har kim o‘z shaxsiga doir noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita Konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda to‘liq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz.
Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.
Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan, pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.
Yangi Konstitutsiyamiz yangi marralar sari shijoat bilan intilayotgan jamiyatimizning buguni va kelajagini belgilab beruvchi mukammal hujjat bo‘ldi.
Olim Hayitov,
Samarqand viloyati sudi raisi.
O‘zA