Yangilanayotgan Konstitutsiya targ‘iboti qizg‘in kechmoqda
Yurtimizning barcha hududida turli soha vakillari ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, targ‘ib-tashviq qilishga qaratilgan uchrashuv va muloqotlar tashkil etilmoqda. Mazkur jarayonlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham faollik ko‘rsatmoqda.
Quyi palata deputati Mavjuda Hasanova Surxondaryo viloyati Uzun tumani hokimligida hamda tuman xalq ta’lim bo‘limi va qator ta’lim muassasalarida tuman faollari, soha vakillari hamda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aks etayotgan yangilik va o‘zgarishlar mohiyatini tushuntirdi.

— Bosh qomusimizga kiritilayotgan jamiki o‘zgarishlarning negizida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi mujassam. Har bir modda insonni ulug‘lashga, aholi uchun munosib sharoit yaratishga yo‘g‘rilgani bilan e’tiborlidir. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 47-moddasida har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekanligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Bu norma “snos”lar bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga nuqta qo‘yadi. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ham ta’minlanadi. Shuningdek, mazkur moddada aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanishi ham o‘z aksini topmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu normalar mamlakatimizda amalga oshirilayogan insonparvarlik siyosatiga hamohang bo‘lib, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ayniqsa, ehtiyojmand qatlam vakillarining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini hal etishda muhim o‘rin tutadi, — dedi deputat.

Uchrashuvda so‘z olgan tuman faollari ham o‘z fikrlari va munosabatini bildirdilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA