Yangihayot tumanida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimiz bo‘ylab zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga baho berish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burhonov hamda Soliq qo‘mitasi raisi F.Po‘latov boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtning Yangihayot tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlar davomida tuman mutasaddilari bilan birga mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda profilaktika ishlari samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.

Jumladan, “Yangi turmush” va “Yangi Choshtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” doirasida belgilangan vazifalarning ijrosi atroflicha o‘rganildi.
Shu bilan birga, mas’ul rahbarlar tomonidan “mahalla yettiligi” bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, joylardagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida aholi xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha mas’ul tashkilot va idoralar rahbarlariga tumandagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, “yo‘l xaritasi”da belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA