Yangihayot mahallalariga minglab chiroqlar o‘rnatilmoqda
Yangihayot tumanida aholi farovonligini oshirish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan muhim dasturlar ishga tushdi. Bu o‘zgarishlar tuman hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahar hokimining tegishli qaroriga asosan Yangihayot tumanida infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan dasturlar asosida mahallalarda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu dasturlar doirasida hududdagi asosiy va ichki ko‘chalarni yoritish ishlari amalga oshirilyapti.

Ob’ektlardagi qurilish-montaj ishlari bo‘yicha buyurtmachi etib Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi belgilandi va u qurilish-montaj ishlarini olib bormoqda. Yangihayot tumanining yettita mahallasi – Chortoq, Xo‘ja Uchqun, Gulzor, Jaloyir, Yangi Darxon, Binokor va Xushnudga mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga 2 ming 393 ta LED tungi yoritish chirog‘i, 90 700 metr SIP-16 havo kabeli, 33 ta boshqaruv qutisi (IPNO DU) va 249 ta temir-beton ustun o‘rnatiladi.

Ayni paytda tumandagi Chortoq, Xo‘ja Uchqun, Xushnud va Jaloyir mahallalarida montaj ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA