Yangi yotoqxona talabalar ixtiyorida
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali talabalari uchun kapital ta’mirdan chiqarilgan talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Talabalar turar-joyida talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Ushbu talabalar turar joyida olti oy davomida mukammal kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Binoning tomi, eshik-romlari, yo‘laklar, kanalizatsiya tizimi to‘liq yangilandi. Sanitariya-gigiyena, tibbiyot xonalari hamda oshxonalarga zamonaviy jihozlar olib kelinib o‘rnatildi. Barcha qavatlar muzlatgich, kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizor va dazmollar bilan jihozlandi.
Ma’lumot o‘rnida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining Qarshi filiali Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 maydagi 437-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan va ushbu ta’lim muassasasida ayni paytda 300 nafarga yaqin talaba tahsil oladi.
Yangi talabalar turar joyining ochilish marosimida mamlakatimiz ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, ta’lim sifatining kuchaytirilayotgani, talabalarning zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, shu kuni institut qoshida zamonaviy sharoitlarga ega inkubatsiya markazi ham ochildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA