Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Xalach” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yangi yil arafasida yangidan qurib bitkazildi. Zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan va zarur shart-sharoitga ega bo‘lgan mahalla ma’muriy idora binosi hududda yashovchi 862 ta oila va 4 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bino xususiy tadbirkor Nasim Abdullayev tomonidan 400 million so‘m mablag‘ evaziga qisqa muddatda qurib bitkazildi.


Mahalla ma’muriy binosini foydalanishga topshirish tadbirida viloyat IIB boshlig‘i I.Tursunov, tuman hokimi A.Ostonov, shuningdek, sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri, mahalla faollari hozir bo‘ldi. So‘zga chiqqanlar mahalla ahlini zamonaviy inshoot, qolaversa, yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etib, so‘ngi yillarda hukumatimiz tomonidan mahalla tizimiga qaratilayotgan e’tibor natijasida fuqarolar yig‘inlari uchun qulay shart-sharoit yaratilayotganini alohida qayd etdi.

Mahalla majmuasi va undagi mas’ul “yettilik” faoliyati aholiga uzoq yillar xizmat qilib, fuqarolarning tashvish-muammolari, kundalik murojaatlarini yechishda muhim maskanga aylanishiga ishonch bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri