Yangi yil tinch, osoyishta o‘tadi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham Yangi yilga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Shu asosda bayram tadbirlari chog‘ida namunali jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun hamkorlikda barcha tashkiliy-profilaktik, tezkor-qidiruv va boshqa yo‘nalishlarda noxush, favqulodda holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyatdagi 15 ta bozor, istirohat bog‘i, xiyobon va o‘yingohlarda, Termiz shahridagi San’at saroyida bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlarda 64 mingdan ortiq kishi ishtirok etishi kutilmoqda. Bunda bayram tadbirlari qatnashchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun ichki ishlar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, yong‘in xavfsizligi xodimlari, jamoatchilik vakillari jalb etilgan. Ularga xizmatda foydalanish uchun zarur aloqa, avtotransport vositalari, metallodetektor, xizmat itlari ajratilgan.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarning texnik mustahkamligi, tayyorgarlik darajasi komission tartibda mukammal ko‘rikdan o‘tkazilib, ushbu hududlar 60 ta kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrovga olingan. “Yangi yil archalari” hududi, yo‘l-patrul xizmati maskanlari va boshqa jamoat joylari kuzatilib, nazorat qilinayotir.
Tadbir o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofida tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish uchun ayrim ko‘chalarga vaqtinchalik yo‘l belgilari o‘rnatilib, aylanma yo‘llar tashkil etildi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, viloyatda o‘tkazilayotgan qo‘shma reydlarda shu paytgacha qiymati 38 million 893 ming 400 so‘mdan ortiq 70 790 donadan ziyod pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Ularning 1 ming 650 donasi chegara hududlarda, 32 ming 463 donasi jamoat joylarida, 28 ming 56 donasi bozorlarda, 8 ming 621 donasi o‘quv muassasalarida aniqlanib, 162 tasi bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi. 17 ta holat bo‘yicha chora ko‘rish uchun hujjatlar tuman sudlariga yuborildi. Huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan 2 ta taqdimnoma kiritildi.
Reydlar davomida 413 ta restoran, 406 ta kafe va barlar, 400 ta to‘yxona va boshqa majmualar, 541 ta bozor va ob’ekt rahbarlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Pirotexnika vositalarining salbiy oqibatlari va ulardan foydalanmaslik yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Yangi yil bayramida bozorlarda sifatsiz oziq-ovqat, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan mahsulotlarning aholiga sotilishining oldini olish maqsadida hududiy ichki ishlar va soliq idoralari, sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari bozor ma’muriyati bilan hamkorlikda Termiz shahri hamda tumanlarda tashkil etilgan yarmarkalarda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bunda iste’mol bozorlari hamda bayram yarmarkalarida narx-navoni sun’iy ravishda oshirish holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni kunlarda viloyatdagi belgilangan hududlarda Yangi yil bayrami shodiyonalari, turli ko‘ngilochar tadbirlar qiziqarli tarzda tashkil etilmoqda. Bu jarayonda ishtirokchilarning xavfsizligi, jamoat tartibi saqlanib, Yangi yilni tinch, xotirjam, shodu xurramlik bilan kutib olish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
Farhod Toshboyev,
Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, podpolkovnik.
O‘zA