Yangi va ta’mirlangan quduqlar hisobiga gaz qazib chiqarish hajmi oshiriladi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida ishlab chiqarish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishda qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Unda dastlab avgust oyining 1-20 kunlari uchun rejalashtirilgan 10 ta quduqdagi burg‘ilash ishlari muhokama qilindi. Bugungi kunga qadar ularning 6 tasi burg‘ilanib, ishga tushirilgan. Qolgan 4 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakuniy bosqichda bo‘lib, ulardan ham yaqin vaqtlarda sanoat miqyosida gaz olinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 21-31-avgust kunlari qo‘shimcha 17 ta quduqni burg‘ilab, ishga tushirish ishlari jadal olib borilayotgani ta’kidlandi. Barcha rejalashtirilgan quduqlarni ishga tushirish orqali oy yakuniga qadar kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 4 million kub metrgacha oshirish maqsad qilingan. Bu choralar bugungi kunda kuzatilayotgan tabiiy pasayishning oldini olish va qazib chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.
Yig‘ilishda qazib chiqarish jarayonidagi har bir harakat va har bir bosqich shaxsiy nazoratda bo‘lishi ta’kidlanib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi. Shuningdek, ishlatish fondidan chiqarilgan 17 ta quduqni mukammal ta’mirlash va qayta ishga tushirish vazifasi belgilandi. Ushbu ishlar tufayli avgust oyi yakuniga qadar kunlik 520 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini tiklash ko‘zda tutilgan.
Jamiyat axborot xizmati xabar berishicha, tadbirda geologiya yo‘nalishidagi 3D seysmoqidiruv ishlarining borishi ham muhokama qilindi. Berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglanib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rish topshirildi.
Shu maqsadda texnologik qurilmalar, elektr tarmoqlari, transformator podstansiyalari, kabel estakadalari, issiqlik tarmoqlari, dizel elektr stansiyalari va qozonxonalarni jiddiy nazoratga olish, ularni ta’mirlash va sozlash ishlarini sifatli yakunlash vazifasi belgilandi.
Tadbir yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga ishlarni jadallashtirish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va muddatlarga qat’iy rioya etish topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA