Raqamli iqtisodiyot davrida Oʻzbekiston: oʻzgarishlar, ustuvor yoʻnalishlar, yutuqlar va rejalar
Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan soʻnggi ikki yil ichida bir qator yoʻnalishlarda kompleks ishlar olib borildi.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston bugun oʻz oldiga shunchaki rivojlanishni emas, balki jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida eng kuchli davlatlar qatoridan oʻrin olishni asosiy maqsad qilib qoʻygan. Buni oldindan koʻra bilgan, his qilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yildagi parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishi, biroq qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishishimiz zarurligi, shu bois raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish – kelgusi besh yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri sifatida belgilab berildi. Chunki raqamli texnologiyalar mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng ogʻir illatlardan biri – korrupsiya balosini yoʻqotishda ham samarali vosita boʻlib xizmat qiladi.
Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi qatorida odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkinligini oʻtgan qisqa fursat koʻrsatib berdi.
Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan soʻnggi ikki yil ichida bir qator yoʻnalishlarda kompleks ishlar olib borildi.
Birinchi qadam – zamonaviy AKT infratuzilmasini yaratish
XXI asrda raqamli texnologiyalar insonlarni har tomondan oʻrab oldi. Ulardan inson mehnatini kamaytirish orqali yana-da koʻproq samaradorlikka erishish maqsadida foydalanilmoqda.
Raqamli iqtisodiyot – raqamli texnologiyalarga asoslangan elektron biznes va elektron tijorat bilan chambarchas bogʻliq iqtisodiy faoliyat hamda shu faoliyat natijasida ishlab chiqariladigan va sotiladigan raqamli tovarlar, xizmatlar yigʻindisi.
Raqamli iqtisodiyot izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili – zamonaviy AKT infratuzilmasini yaratish hisoblanadi. Bu boʻyicha mamlakatimizda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
Oʻtgan yil boshidan bugungi kungacha respublika boʻyicha internet tarmogʻiga keng polosali ulanish portlarining umumiy soni 2,2 mln.ga yetkazildi, 7,8 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 44,4 ming km.dan oshdi.
Shundan 7,3 km. optik tolali aloqa liniyalari 9410 ta ijtimoiy soha obyektlariga tortilishi natijasida 4 786 ta maktab, 2 895 ta maktabgacha taʼlim va 1 729 ta sogʻliqni saqlash muassasasini tezkor internetga ulash imkoniyati yaratildi. Bu oʻz navbatida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish salohiyatini oshirgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Bu borada investorlar va mahalliy tadbirkorlar ham faol qatnashayotgani eʼtiborga molik. Masalan, Jizzax erkin iqtisodiy zonasida janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda loyiha qiymati 11 mln. dollarga teng optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilib, yiliga 50 ming km. optik tolali kabel tayyorlash quvvati yaratildi.
Bu esa, oʻz navbatida, internet tezligining keskin oshishida muhim omilga aylandi. Gap shundaki, “Ookla” kompaniyasining Speedtest.net servisi internet tezligi boʻyicha 2020-yil iyun oyi natijalariga koʻra yangi maʼlumotlarni eʼlon qildi va ushbu Speedtest Global Index reytingida Oʻzbekiston keskin oʻsishni namoyon etdi.
Internet tezligi boʻyicha reytingda Oʻzbekiston hozirgi kunda 94-pogʻonani egallab turibdi, bir yil ichida 36 pogʻonaga koʻtarilish kuzatildi. Umuman, oxirgi yil natijalariga koʻra Oʻzbekistonda simli internet tezligi 2,5 barobarga oʻsdi.
Qolaversa, telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019-yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. 17 foizga arzonlashtirilgandi. 2020-yilning 1-yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 34 foiz arzonlashtirildi. Eʼtiborli jihati shundaki, bozor iqtisodiyoti talablariga koʻra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.
Joriy yilda “Oʻzbektelekom” AK tomonidan yirik xorijiy IT-kompaniyalarining server uskunalari va koʻplab xizmatlari mahalliylashtirildi. Bu butun Oʻzbekiston uchun muhim voqeadir. Mazkur yangilik ushbu xizmatlar tomonidan taqdim etiladigan audio hamda videokontentlarni, dasturiy taʼminot va boshqa kontentlarni yuklab olish tezligini oshirishga yordam beradi. Oʻz navbatida xalqaro internet kanalini sezilarli darajada yengillashtirishi ham muhim mezonlardan biridir. Bu Oʻzbekistonning barcha operator hamda provayderlariga abonentlar uchun yana-da arzon va tezkor takliflarni taqdim etish imkonini beradi.
Mobil aloqa sohasini rivojlantirishda ham keng miqyosda ishlar olib borilmoqda. Mazkur davr mobaynida 6 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari oʻrnatildi va respublika aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 va mobil internet tarmogʻiga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.
Aytish joizki, shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini koʻrsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan boʻlsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish boʻyicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yoʻnaltirilmoqda. Xususan, shu yilning oʻzida 2200 ta 3G/4G baza stansiyasini oʻrnatish rejalashtirilgan.
2020-yil – Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlanish yilining birinchi yarmida mobil aloqa operatorlari tomonidan jami 1375 ta mobil aloqa tayanch stansiyasi oʻrnatilib, aholi maskanlarining mobil aloqa hamda keng polosali mobil internet tarmogʻiga ulanish darajasi oshirildi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda AKT sohasidagi eng ilgʻor texnologik ishlanmalarni joriy etishga muhim eʼtibor qaratiladi. 2019-yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operator — “Uzmobile” va “Usell” 5G texnologiyasi test sinovidan oʻtkazishni boshlagani shundan dalolat beradi.
Toʻlaqonli IT ekotizimini barpo etish – muhim masala
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanishining yana bir muhim omillaridan biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki hamda tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirishdir.
Aynan mana shu maqsadni koʻzlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning rezidentlari hisoblangan 392 tashkilotda bugun toʻrt ming nafar mutaxassis faoliyat koʻrsatmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan boʻlsa, 54 tasi yangi ochilgan.
Mazkur IT-Parkda zarur infratuzilma, jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilgan. Texnoparkda rezidentlarga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari koʻrsatiladi. Yana bir muhim jihat shundaki, rezidentlar uchun moliyaviy imtiyozlar ham berilgan: ular 2028-yilning 1-yanvariga qadar barcha soliq va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek, bir martalik ijtimoiy toʻlovlardan ozod qilingan.
Yil boshidan beri IT-Park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 321 mlrd. soʻm, xususan, eksport hajmi 5,1 mln. dollarni tashkil etdi.
Toshkent shahrida IT-Park rezidentlari sonini koʻpaytirish hamda yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-Park infratuzilmasi obyektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi. IT-Parkning hududiy filiallarini tashkil etish boʻyicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qoʻshma qarorlar imzolanib, har bir loyiha boʻyicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.
Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport, tadbirkorlik hamda turizm yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar oʻrtasida eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish boʻyicha “mGovAvard” birinchi respublika tanlovi oʻtkazilmoqda. Tanlov uchun Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan 100 ming dollar ajratilgan va 3 ta munosib jamoa mazkur mablagʻ hisobidan ragʻbatlantiriladi.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining YUSAID agentligi bilan birgalikda IT-Park tomonidan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qiymati 140 ming dollarlik tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilyapti.
Qulay onlayn xizmatlar koʻlami oshmoqda
Soʻnggi ikki yilda mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yana-da rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishlab chiqildi (https://my.gov.uz). Bugungi kunda portal orqali 176 tadan ortiq elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida koʻrib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish, xususan, bir vaqtning oʻzida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini oʻtkazish hamda tezkor joʻnatish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “projest.gov.uz” joriy etildi.
Bundan tashqari, avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuklarni tashish xizmati uchun litsenziya berish, abituriyentlardan hujjatlarni onlayn qabul qilish, Ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olish va oʻqish joyidan maʼlumotnoma olish xizmatlari ham yaratildi.
Hozir Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yana 26 ta yangi xizmat ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, buning natijasida umumiy xizmatlar soni 200 tadan oshadi. Yil boshidan beri 1,4 mln. ta elektron xizmat koʻrsatilgan boʻlib, oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 8,1 foiz oshdi.
Elektron hukumatning idoralararo platformasida davlat organlarining 90 ga yaqin axborot tizimlari va resurslarining oʻzaro elektron hamkorligini taʼminlash yoʻlga qoʻyilib, 160 mln.dan ziyod soʻrovlarga onlayn shaklda maʼlumotlar berilganini ham alohida taʼkidlash joiz.
Kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasi qay ahvolda?
Har bir yangi sohada boʻlgani kabi raqamli iqtisodiyotga oʻtish jarayonida ham malakali kadrlar yetishmovchiligi koʻzga tashlanmoqda. Tan olish kerakki, bu muammo har doim ham dolzarb boʻlib kelgan. Kadrlar masalasida toʻsiqlarga duch kelayotganimiz bor gap. Chunki yangi soha, yangi yoʻnalishda faoliyat yuritishi mumkin boʻlgan zaxira mavjud emas.
Shu oʻrinda bir misol keltirib oʻtsak. Ayni paytda vazirlik va idoralarda rahbarning aynan raqamlashtirish yoʻnalishidagi oʻrinbosarlari lavozimlari joriy qilinmoqda. Vazirligimiz esa mana shu lavozimlarga tajribali mutaxassislarni tavsiya qilish, kerak boʻlsa, taʼminlash uchun javobgardir. Vazirlik mamlakat miqyosida barcha sohalarda raqamlashtirishga masʼul boʻlib, baʼzi holatlarda oʻzi uchun professional mutaxassis zarur boʻlib turgan bir paytda bu boʻshliqni nimaning hisobiga toʻldirish zarur? Buning uchun nimalar qilish kerak? Buning ham yechimi topildi, unga mustahkam poydevor qoʻyildi. Zotan, Oʻzbekistonning eng katta boyligi — aholisining yarmidan koʻprogʻini tashkil etuvchi yoshlardir. Shuning uchun ham davlat siyosatida navqiron avlodning jamiyatdagi nufuzini oshirish muhim oʻrin tutadi, ularning yangi-yangi mutaxassisliklar va kasblarni egallashiga katta eʼtibor qaratilyapti.
Barchaga maʼlumki, Prezidentimiz gʻoyasi bilan bugun respublika boʻylab yoshlarga boʻlgan eʼtiborni yana-da kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida 5 ta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Ana shu tashabbusning uchinchisi – aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish doirasida hududlarda 30 ta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etildi. Bugungi kungacha jami 7,2 mingdan ortiq tinglovchi oʻquv kurslarini yakunlagan.
Oʻz navbatida yoshlarni, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari talabalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilariga dasturlash asoslarini oʻqitishga yoʻnaltirilgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 69 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Ulardan 5,8 ming nafari kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi. Hammaga maʼlumki, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning eng samarali yoʻli – ularni bolalik paytidan boshlab oʻrgatishdir. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.
2019-yil dekabr oyida ushbu oʻquv dargohining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda matematika va xorijiy tillardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan 680 nafar oʻgʻil-qiz maktabning 5-11 sinflarida taʼlim olmoqda.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining taʼlim sohasida ham katta ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab universitet zamonaviy taʼlimning kredit modul tizimiga oʻtkazildi va hozirgi kunda bu tizimda 9 609 nafar talaba oʻqiyapti. Universitet tuzilmasida Oʻzbek –Belarus qoʻshma fakulteti ham tashkil etildi. Bundan tashqari, universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining (JICA) 1,6 million dollar miqdoridagi texnik granti hisobiga zamonaviy oʻquv media markazi ochildi. Media markazda videokontentni tasvirga olish va ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyat mavjud.
Prezidentimizning 2019-yil 7-yanvardagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019-yilning sentyabr oyidan oʻquv yilini ochdi.
Toshkent shahridagi Amiti universitetiga bakalavr darajasi uchun axborot texnologiyalari, muhandislik va kompyuter texnologiyalari, iqtisodiyot, turizm boshqaruvi, biznes boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha, shu bilan birga, magistrlik darajasi uchun ham qabul amalga oshirildi.
Mazkur davr mobaynida xalqaro aloqalarni rivojlantirish yoʻlida Toshkent shahridagi INHA universiteti ham samarali ish olib bordi.
Kelgusida oʻquv markazlaridan tashqari “Ishga marhamat” monomarkazlarida va Texnopark filiallarida yoshlarga raqamli texnologiyalarni oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslar ham tashkil etiladi.
Oʻylaymanki, mana shu markazlarda tahsil olgan yoki loyiha ishtirokchisiga aylangan yoshlarning barchasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishini tanlamagan holda ham ularning maʼlum qismi shu yoʻldan ketadigan boʻlsa, kadrlar muammosini hal qilishga yordam beradi.
Yaqin davrdagi vazifalar
Oldimizda turgan eng asosiy vazifa – oʻz ichiga barcha soha va tarmoqlarni qamrab olgan hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotini toʻliq va kompleks ijobiy oʻzgartirishga hamda raqobatbardoshlikni oshirishga yoʻnaltirilgan.
Yana bir muhim vazifa – davlat rahbarining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlashimiz zarur. Mazkur hujjatga asosan tasdiqlangan “Raqamli Toshkent” kompleks dasturida taʼlim, sogʻliqni saqlash, transport, kommunal sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilgan holda Oʻzbekiston poytaxtining qiyofasini toʻliq ijobiy oʻzgartirish maqsad qilib qoʻyilgan.
“Raqamli Toshkent” konsepsiyasi “Xavfsiz shahar” yirik loyihasi bilan bevosita bogʻliq. Mazkur loyiha 2019 – 2023-yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi belgilangan. Birinchi bosqichda 2019 – 2020-yillarda Toshkent shahrida loyihaning yagona texnologik platformasini yaratish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra 2023-yilga borib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 hamda ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish nazarda tutilgan.
Qolaversa, 2020 – 2022-yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar, axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yana-da rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, qishloq hamda suv xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha jami 268 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shulardan kelib chiqib, IT-Park rezidentlari sonini 450 taga hamda ular tomonidan koʻrsatilgan eksport hajmini 25 mln. dollarga yetkazish maqsadida tegishli infratuzilma kengaytirilmoqda.
Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab hududida IT-Park Toshkent filiali ishga tushiriladi hamda qoʻshimcha 700 ta ish oʻrni yaratiladi.
Oʻz navbatida 5 ta muhim tashabbusning uchinchisi doirasida yil yakunigacha qoʻshimcha 72 ta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etiladi, ularda axborot texnologiyalari sohasida 15 mingdan ortiq yoshlar oʻqitiladi.
Barcha hududdagi yoshlar markazlarida yoshlarni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida dasturlash koʻnikmalarini oʻrgatishga qaratilgan kurslar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari va oliy taʼlim muassasalari talabalarini oʻqitish orqali loyihaga jalb qilinganlar soni 100 mingtaga yetkaziladi.
“Oʻzbektelekom” AK maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi sigʻimini 5 baravarga (5 Petabaytgacha) kengaytirish ham koʻzda tutilyapti. Ayni chogʻda 600 ming portli keng polosali ulanish qurilmalarini oʻrnatish orqali umumiy portlar soni 2,8 mln.taga, 5,5 ming km. optik kabel liniyalari qurish orqali respublika boʻyicha umumiy optik aloqa liniyalari uzunligini 50 ming km.ga yetkaziladi. Qolaversa, 1 052 ta mobil aloqa baza stansiyasini oʻrnatish va ularning umumiy sonini 28,3 mingga yetkazish orqali respublika aholi yashash maskanlarining keng polosali mobil tarmoq bilan qamrov darajasi oshiriladi.
Eng muhimi, 2700 ta maktabgacha taʼlim hamda 1740 ta sogʻliqni saqlash obyektini toʻliq, 2160 ta xalq taʼlimi muassasasini yuqori tezlikdagi internetga ulash imkoniyati ham yaratiladi.
Agrar sohada ham raqamli texnologiyalar keng joriy qilinadi.
Bugungi kunda yer munosabatlari, qishloq va suv xoʻjaligi resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida raqamli hamda geoaxborot texnologiyalari tizimini joriy etish yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham aniq vazifalar qoʻyilgan.
Respublikamizda geoaxborot texnologiyalarini rivojlanirish maqsadida sohada yetuk tajribaga ega boʻlgan xorijiy kompaniyalarning tajribasi oʻrganildi.
Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yoʻldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun “virtual” qabul qilish stansiyasi (geoaxborot markazi)ni tashkil etish loyihasi boʻyicha takliflar oʻrganilmoqda.
Mazkur loyiha geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham oʻz ichiga qamrab oladi.
Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yoʻnalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi taʼminlanadi.
Shuningdek, qishloq hamda suv xoʻjaligi, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ekologiya, arxeologiya, shaharsozlik hamda yoʻl qurilishi, chegara nazorati, xavfsizlik va mudofaa sohalaridagi ayrim masalalarni hal etish tizimi ham yaratiladi.
Yer hamda koʻchmas mulk munosabatlarini tartibga solish yoʻnalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kunda 8 ta elektron davlat xizmatlari joriy qilingan boʻlib, 50 mingga yaqin ariza kelib tushgan.
Mazkur yoʻnalishda aholiga qoʻshimcha qator qulayliklarni yaratish, eng asosiysi, mazkur yoʻnalishda “inson omili”ni cheklash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 5 ta davlat xizmati takomillashtiriladi.
Qishloq xoʻjaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar holatini tezkor va aniq baholash maqsadida kosmik maʼlumotlardan foydalanish boʻyicha Andijon viloyatida tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Andijon viloyatining maydonlari vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga kiritilmoqda.
Mazkur platforma hozirgi kunda “Davergeodezkadastr” qoʻmitasining “Yer axborot” tizimi bilan oʻzaro integratsiya qilindi.
Loyiha sentyabr oyida ishga tushadi va Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining tahliliy maʼlumotlari shakllantirilib, yer egalariga taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
21-iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini toʻliq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Ushbu yigʻilishda vazirligimiz oldiga ham bir qator vazifalar qoʻyildi.
Jumladan, yigʻilishda, kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi maʼlumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi. Endi yer ajratish toʻgʻrisidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sunʼiy yoʻldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga koʻrsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar boʻyicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam oʻrganishda qoʻl keladi.
Yil yakuniga qadar qishloq xoʻjaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar oʻz vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.
Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini oʻzlashtirishga xizmat qiladi.
Shuhrat SODIQOV,
Axborot texnologiyalari va
kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri.