Yangi uzilgan o‘rikni xush ko‘rsangiz, Boysunga keling!
Boysun tumanidan 65-70 chaqirim olisdagi Yuqori Machay mahallasida o‘rik pishdi.
Odatda Surxondaryo viloyatida o‘rik va bodom mamlakatimizning boshqa hududlariga nisbatan erta gullab, tezpishib, yetiladi. Erta pishar navlari may, o‘rta pishar va kechpishar navlari yoz chillasigacha iyun va iyul oylarida yig‘ishtirib olinadi. Biroq, tog‘li Yuqori Machay mahallasida unib o‘sayotgan o‘riklar vohada shu turdagi mevali daraxtlarga nisbatan kech pisharligi bilan farq qiladi.

– Bu yil yoz chillasining issiq kelgani o‘rik hosillarini erta pishirdi, – deydi Yuqori Machay mahallasida yashaydigan sohibkor Baxtiyor Eshonqulov. – Aslida yoz fasli me’yorida kelgan yillari sentabr oyida pishib, yetiladi. Mevasi boldek shirin. Hozir har tup daraxtda o‘rtacha yuz kilodan oshiq meva bor. Uning bir qismini bozorga chiqaramiz. Qolganini qoqi qilib olamiz.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Yunusbek Xoliyorovning aytishicha, o‘rik ko‘chatlari o‘n uch yil muqaddam Qashqadaryo viloyatining Bog‘chorbog‘ qishlog‘idan olib kelib, ekilgan. Tog‘li iqlimga mos daraxtlar Boysunda o‘rik mevasi kam bo‘lgan yilda ham yaxshi hosil bergan.

Mahalla bog‘bonlari kechpishar daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirib, tog‘ qo‘ynida o‘rikzor barpo etishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri