Istiqlol ayyomining 33 yilligini bir guruh madaniyat xodimlari yangi uylarda kutib oldilar.
Soha xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Yashnobod tumanida qurilayotgan uy-joylardan 35 ta xonadonlar tantanali o‘z egalariga topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, xonadon kalitlarini egalariga taqdim etdi.

- Bugungi unutilmas va hayajonli damlarni anchadan beri intiq bo‘lib kutgan aziz do‘stlar, mana, nihoyat o‘sha kun keldi, - dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. -
Ishoninglar, mening hozirgi hayajonim, quvonchim sizlarnikidan aslo kam emas. Tadbirning barcha ishtirokchilarini Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Bu yilgi bayram ular uchun bir umrga unutilmaydigan, doim shirin xotira sifatida esga olinadigan qo‘shaloq xursandchilik bo‘lib kelganidan barchamiz behad mamnunmiz.

"Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor bo‘lgan jamiyatda madaniyat sohasi vakillariga hukumat tomonidan qaratilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rlikdan benihoya mamnun ekanliklari tadbir ishtirokchilari tomonidan ta’kidlandi.

Tadbir davomidagi bayramona konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mustaqillik bayrami madaniyat xodimlari uchun qo‘shaloq bayramga aylandi.
N.Usmonova, O‘zA