Prezidentimiz raisligida shu yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi tarixiy tadbirlardan biri bo‘lib qolishiga shubha yo‘q. Unda davlatimiz rahbari ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini muhokama qilib, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Prezidentimiz yangi O‘zbekistonni bunyod etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi keng ko‘lamli ishlarda aynan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni yanada kengaytirishga urg‘u qaratayotgani bejiz emas. Binobarin, ma’naviy asoslarsiz, azaliy qadriyatlarsiz, ma’naviy-milliy ruhsiz hech bir davlat o‘zining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi.
Ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda muhim bosqich
Shonli tariximizda buyuk ajdodlarimiz ijodi va ilmiy salohiyati tufayli ikki marta kuzatilgan Renessans hodisasining negiziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har safar iqtisodiy taraqqiyot va ma’naviy-ruhiy rivojlanish uyg‘un kechganini ko‘ramiz.
Darhaqiqat, har bir xalq, avvalo, ma’naviy saviyasi, intellektual salohiyati, hamjihatligi bilan qudrat kasb etadi va bugungi murakkab sharoitda dunyo sahnidan o‘ziga munosib joy egallay oladi.
Nega bu masalalarga Yangi yil arafasida urg‘u berilib, ularga jamoatchilik e’tibori tortildi? Davlatimiz rahbarining yig‘ilishda bildirgan fikr-mulohazalari, ilgari surgan hayotbaxsh tashabbuslari, mutasaddilarga belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, xalqimiz yangi orzu-umidlar, yangi rejalar bilan qadam qo‘yayotgan kelgusi yilda asosiy maqsad-muddaolarimizdan biri — xalqimizning ma’naviy yuksalishi, madaniy va ma’rifiy salohiyatining yanada kuchayishi, birdamligi, jipsligi, ruhiyati, irodasining toblanishi yangi bosqichga ko‘tariladi.
Afsuski, bugun biz bilimsizlik, loqaydlik, mas’uliyatni his etmaslik holatlariga iqtisodiyot sohasida ham, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat tizimida ham, qo‘yingki, hayotimizning barcha jabhasida duch kelyapmiz va bu illat bamisoli qo‘l-oyog‘imizga kishan bo‘lib turibdi. Bu kishandan xalos bo‘lmasdan turib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan natijaga erishish mushkul.
Ma’lumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga, kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik, ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat o‘zini o‘ylash, xudbinlik, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustomonlik bilan singdirilyapti. Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiberjinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.
Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlari uchun kurashib yashash kerak. Buning uchun esa yurtimiz ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ma’naviyatda har doimgidanda kuchli bo‘lishi shart.
Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, mustahkam iqtisodiy asoslar kerakligini ta’kidlab, shu borada amalga oshirilayotgan ishlarni keltirib o‘tdi. Ushbu iqtisodiy asos natijasida bu yil ijtimoiy sohaga eng ko‘p — 134 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bu — 2016 yildagiga solishtirganda 5,6 barobar ziyod, demakdir.
Jadidlar merosiga yangicha yondashuv
Hech bir qaror bejiz qabul qilinmaydi. Zero, bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, shu bilan birga, insonlar ongu qalbiga qaratilgan axborot xurujlari, ba’zi davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatli jarayonlarning kuchaygan ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqani tarixdan ma’lum. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi G‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk кадрлар suv bilan havodek zarur.
Yig‘ilishda ma’rifatparvar bobolar g‘oyalarini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi. Bu bejiz emas. Bugun yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan ota-bobolarimizning jasoratli yo‘lini ochib beruvchi qo‘llanmalar juda kerak.
Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohani rivojlantirishga bor vujudini bag‘ishlagan. Va buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, e’zozlashimiz ham qarz, ham farz. Quvonarlisi, bugun yurtimizda jadidlar muzeylari tashkil etilyapti, ularning kitoblari nashr qilinmoqda, nohaq ayblangan ajdodlarimizning ko‘pchiligi sudlar tomonidan oqlanyapti. Lekin shu bilangina asosiy maqsadlarga yetib bo‘lmaydi. Ma’rifatparvar bobolarimiz g‘oyalarini ongu qalbga yanada chuqur singdirish, bu insonlarga nisbatan bugungi avlodlarda hurmat-ehtiromni yanada kuchaytirish zarur. Prezidentimiz buning uchun qatag‘on qurbonlari tug‘ilib o‘sgan yoki bugun avlodlari yashayotgan uyga, mahallaga, o‘sha yerdagi maktabga ularning nomlarini yozib qo‘yish taklifini ko‘tardi. Fikrimizcha, bu ham savobli, ham ibratli ish bo‘ladi. Ular har birining hayoti — qahramonlik. Biz buni o‘rganib, targ‘ib qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz lozimligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Yig‘ilishda mutasaddilarga jadid bobolarimiz tarixini o‘rganayotgan tadqiqotchilar uchun maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarida materiallar chop etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Nega? Chunki xalqimiz u davrni yaxshi bilishi, ajdodlarimiz jasoratidan faxrlanishi kerak. Yoshlar “Bizning bobolarimiz istiqlol orzusida kurashgan, o‘zini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilyapmiz?» deb o‘ziga savol berishi zarur. Mustaqillikning mustahkam zamini nima o‘zi? Avvalo — vatanparvarlik, bilim, ma’naviyat. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik, shukronalik ruhini kuchaytirishga da’vat etmoqda.
Davlatimiz rahbarining jadidlar фаолиятиni o‘rganish, ularning ezgu g‘oyalarini zamonamizga mos holda davom ettirish borasidagi fikrlari ayni masalada barchamizga dasturilamal bo‘lib kelayotir. Jumladan, 2020 yil boshida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday degandi: “Biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.
XX asr boshlarida Markaziy Osiyo va Kavkazning markaziy shaharlari hamda Qozonda yuzlab ziyolilar xurofot va chor Rossiyasining istibdodidan qoloq ahvolga tushib qolgan o‘z xalqlarining ijtimoiy-madaniy turmushini, ong-saviyasini ko‘tarish, taraqqiy ettirish maqsadida nihoyatda katta ma’rifatchilik ishlarini olib bordi. Ular Yevropacha usuldagi teatr to‘garaklari tuzdi, turli gazeta va jurnallar chop etdi. Teatr tomoshalari va matbuotdan tushgan mablag‘larga dunyoviy ilmlarni o‘qitadigan “usuli jadid”, ya’ni yangicha, ilg‘or usuldagi maktablar ochdi va bu maktablarda mahalliy xalq bolalarini o‘qitdi. Jadidlar o‘z millatdoshlaridan yetuk olimlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarining zamonaviy, bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod, Vatanni ozod, farovon etishlarini orzu qildi va shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatdi.
Ma’rifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimizning emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi eksponatlar bilan to‘ldirish, ijod maktablari tashkil etish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinyapti. Bularning hammasi odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish, qolaversa, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun zarur.
Turkiston ma’rifatchiligi ilk davridan farqli o‘laroq faqat feodal tuzum asoslarini ilm-fan, ma’rifat orqali o‘zgartirish, ayrim yangiliklarni joriy etish va shu yo‘l bilan rivojlanishni maqsad qilibgina qolmadi, balki bu ishlarni jadal amaliy izga solib, chirkin urf-odatlar, bid’atlarga qarshi ochiq kurash olib bordi.
Jahon “ma’rifatchilik davrlari” tajribasidan ma’lumki, ma’rifatchilikning eng birlamchi asosi feodal qoloqlik va diniy mutaassiblikning inkor etilishi, jamiyatda erkin, adolatli, madaniy munosabatlarning shakllanmog‘idan iborat. Bu yo‘ldagi eng asosiy vazifa jamiyat a’zolarining ongini qayta qurish, tushuncha va tasavvurlarini o‘zgartirishdir. Buni amalga oshirishning asosiy sharti — ilm-fan, turli dunyoviy bilimlar tarqatish. Jadid ma’rifatchilari xuddi shu yo‘ldan bordi.
Afsuski, bugungi kunimizda ham diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undayotgan kishilar paydo bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda ba’zi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qo‘yish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari uchrayotgani qayd etildi. Prezident bu o‘rinda Ibrat domlaning “Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi.
Haqiqatan ham, jadid bobolarimizning erkparvarligi, vatanparvarligi, yurt ertasi uchun kuyib-yonishi, yangilikka intilishidan xulosalar chiqarishimiz, ma’naviyatni ulardan o‘rganishimiz lozim. Ma’naviyatsiz yangi O‘zbekistonni ham, uchinchi Renessansni ham barpo etish mushkul ekanini anglash davri keldi.
Fikrsizlik — ma’naviy qaramlik
Ma’naviyat kishilarni fikriy va ma’naviy mudroqlikdan qutqaradi, buni inkor qilolmaymiz. Ayrim odamlarda jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tahlil eta olish ko‘nikmasi mavjud emasligini, bu esa ularda yuz berayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini teran anglashga xalaqit qilayotganini sezish mumkin. Nazarimizda, bu narsa o‘sha odamlardagi fikrsizlik tufayli sodir bo‘lyapti.
Fikrlash — insonga xos xususiyat. Har bir shaxs fikrlaydi, yoni-beridagi voqea-hodisalarga baho beradi, o‘z faoliyatini belgilaydi, xulosa chiqaradi. Qisqacha aytganda, inson fikrlay olishi bilan boshqa jonzotlardan farqlanadi. Fikrsiz insonni, odatda, hissiyot boshqaradi. Bu esa boshqalarning o‘sha insonni ortidan ergashtirishiga, boshqarishiga sharoit yaratadi.
Fikrsizlik va ma’naviy qaramlik — kishilar tafakkuri ustidan muayyan g‘oyalarning hukmron mavqega egaligini, insonning sodir bo‘layotgan voqealar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni mustaqil baholash imkoniyatidan mahrum bo‘lganini ifodalaydigan tushuncha hisoblanadi. Fikrsizlik insonni tafakkur qulligiga olib boradi. Ma’naviyat o‘sha fikrsizlik holatini bartaraf etadigan kuchdir.
Bugungi kunda ayrim kishilarda “ommaviy madaniyat”ni ko‘r-ko‘rona qabul qilish, olomonlik kayfiyati, johillik ko‘zga tashlanayotgani ham fikrsizlik natijasidir. Bu holatni ma’naviy o‘lim, deyish mumkin. Ma’naviyat kishida o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmasini shakllantiradi, tanqidiy tahlil qilish uchun keng imkoniyat yaratadi. Davlatimiz rahbari bugun jamiyatni, xalqni, yoshlarni uyg‘otish orqali O‘zbekistonning dunyodagi o‘rnini mustahkamlashni, tenglar ichra teng bo‘lishimizni, mamlakatni farovon, qudratli kuchga aylantirishni ko‘zlayapti.
Shu ma’noda, biz bugun uchinchi Renessans poydevorini qurishga kirishar ekanmiz, uning ikki muhim jihati — yoshlarda mantiqiy fikrlash va yuksak axloqiy sifatlarni shakllantirishga e’tibor berishimiz juda muhim. Qotib qolgan eski fikrlar, bir qolipdagi qarashlar, kimningdir nuqtai nazari asosida qabul qilingan xulosalar aslida ma’naviy mudroqlikdan boshqa narsa emas.
Bugun yurtimizda mazkur muammolarni bartaraf etish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Jumladan, bu boradagi ishlarga moddiy tayanch yaratish maqsadida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Har bir masalani ilmiy yondashgan holda hal qilish uchun Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rildi. “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonun imzolangani soha rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Umuman, madaniyat va san’at sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017 yildagiga nisbatan 5 karra oshib, 2023 yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Bugun milliy qadriyatlarimizni, azaliy an’analarimizni, ota-bobolarimizning o‘lmas merosini nafaqat mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida, balki dunyo miqyosida ham targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maqom, baxshichilik, hunarmandchilik, “Lazgi” raqsi targ‘ibotiga bag‘ishlangan xalqaro festivallar muntazam o‘tkazilayotgani, xorijiy mamlakatlarda, jumladan, qo‘shni davlatlarda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” uyushtirib kelinayotgani so‘zlarimiz isboti.
Amalga oshirilayotgan ishlar o‘z mevasini bermoqda. Xalqimizning madaniy boyliklari dunyo xalqlari, xalqaro tashkilotlar, ekspert va mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, keyingi yillarda yana 9 ta milliy merosimiz namunasi YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga, Buxoro shahri esa “Ijodkor shaharlar tarmog‘i”ga kiritilganini ta’kidlash lozim.
Bularning barchasi islohotlar, ochiqlik va pragmatizmga asoslangan siyosat natijasidir. Bu hali hammasi emas. Hozirgi kunda targ‘ibotning eng samarali tarmoqlaridan biri kino san’ati rivojiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilyapti. Shu tufayli chinakam san’at asarlari yaratilyapti. Jumladan, buyuk sarkarda va ulug‘ allomalarimiz haqida tarixiy filmlar suratga olindi. Qariyb chorak asrdan keyin Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi.
Bedor qalb egalari
Ijodkorlar umrboqiy asarlar yaratibgina qolmay, barcha makon va zamonda el-yurt taqdiri uchun doim kuyunib, yonib yashagan, o‘zgalar dardini o‘ziniki deb bilgan. Ularni bejiz “Bedor qalb egalari” deyishmaydi. Mamlakatimizda ana shunday iqtidor sohiblari hamisha e’tibor va e’zoz og‘ushida. Chunonchi, keyingi yillarda poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, hududlarda yangi ijod uylari qurildi. Samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan ta’minlanmoqda. Atoqli ijodkorlarimizning tavallud sanalari nishonlanyapti. Yosh iste’dodlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Zomin seminari qayta tiklandi.
Davlat rahbaridagi shijoat, matonat va tashabbuskorlik ma’naviyat masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham yana bir karra namoyon bo‘ldi. Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. Chunki milliy g‘oya va ma’naviyat bizga insonni axloqiy tubanlikdan qutqarish uchun zarur.
Darvoqe, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va texnologik taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan G‘arb tamadduni yangi ming yillikning boshiga kelib, tarixiy rivojlanishning g‘oyat ziddiyatli va murakkab bosqichini boshidan kechirayotgani, bunda azaliy qadriyatlar o‘rnini faqat shaxsiy manfaat, aysh-ishrat, huzur-halovat mayllariga yo‘g‘rilgan yangi axloq va e’tiqod egallayotgani, jamiyatning ma’naviy asoslari yemirilayotgani ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Bugun o‘z axloqiy qadriyatlariga, milliy an’analariga befarqlik bilan qarayotgan har qanday davlat yoki millat — xoh u katta bo‘lsin, xoh kichik — xuddi chirmovuqdek o‘rab келаётgaн mafkuraviy tahdidlar, g‘oyasizliklar oldida ojiz bo‘lib qolmoqda.
Shu bois bugun mamlakatimizda milliyligimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar, tushuncha va qarashlardan — chegarani buzmasdan, bildirmasdan, xonadonimizga, jamiyatimizga, eng yomoni, murg‘ak bolalarimizning pokiza qalbi va yuragiga kirib kelayotgan tahdidlardan himoyalanish jamiyatning asosiy vazifasiga aylanishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Taassufki, o‘zini ziyoli deb biluvchi ayrim kimsalar bugun odamlarni yaxshilikka boshlash, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash o‘rniga ba’zi hollarda o‘zlari nafsini jilovlay olmasdan, keraksiz sarf-xarajatlarga, ortiqcha dabdababozlikka ruju qo‘yayotgani sir emas. Vaholanki, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlarga muqaddas dinimiz faqat nurli hayotga, ilm-ma’rifatga, yaxshilikka undashini, hech qachon xunrezlik, qotillik, zo‘ravonlikka chaqirmasligini tushuntirish ana shunday insonlarning vazifasidir.

Ta’lim-tarbiyadagi oqsash, no‘noqlik oqibati
Biz dunyoviy davlat qurayotgan bo‘lsakda, ba’zan hayotda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida ro‘yxatdan o‘tmasdan, yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsuski, uchrab turibdi. Bugun ijtimoiy munosabatlar nuqtayi nazaridan kundoshlik, qo‘shxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Axir tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his qilolmaydi.
To‘y-ma’rakalarimizni tartibga solish haqida ham ko‘p gapiramiz. Bu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki hayotiga, sog‘lig‘iga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjal va ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi. Eng yomoni, pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqa ushlaydi.
Qiz bolalarning o‘qishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani ayon. Biroq ba’zi oilalarda hali ham qiz farzandning oliy ta’lim olishiga panja orasidan qarash ustuvor. Axir ertaga ular ona bo‘ladi, kelgusi avlodlarimizni tarbiyalaydi. Yurtimizda xotin-qizlarning oliygohlarda o‘qishi uchun keng qulayliklar yaratilayotgani ham shundan. Va bu o‘z samarasini berishi, shubhasiz. O‘qimishli, ziyoli onalarning farzandlari ham bilimdon, oqu qorani taniydigan, ma’naviyatli insonlar bo‘lib yetishadi, millatimiz chirog‘i bo‘ladi.
Navqiron avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik bois bugun buyuk ajdodlarimizning munosib merosxo‘rlari, izdoshlari yetishib kelayotir. Ular jahonning ilm-fan, madaniyat va sport maydonlarida Vatanimiz nufuzini oshirishdek sharafli vazifani ado etmoqlari lozim. Ana shu yuksak ehtiromga sazovor ishlarni faqat va faqat metin irodali, shijoatli va albatta, ma’naviyati boy yoshlargina bajara oladi. Jahon ilm-fan, madaniyat, sport musobaqalariga chiqqan har bir yigit-qiz ko‘zi oldida, avvalo, o‘z ona Vatani, uning muqaddas tuprog‘i, jondan aziz qishlog‘i, mahallasi tursa, ular ota-onasi, ustozlari ishonchini oqlash mas’uliyatini his etsa, shubha yo‘qki, yuksak natijalarga erisha oladi. Zero, bu ma’naviyat kuchi, qudratidir.
Biroq, tan olishimiz kerak, yoshlarimizning barchasini ham ana shunday salohiyatga, saodatga musharraf deb bo‘lmaydi. Bu ta’lim-tarbiyadagi oqsash, no‘noqlik oqibatidir. Ayrim yigit-qizlardagi befarqlik, dangasalik, ishyoqmaslik, huzur-halovatni afzal bilish, kibr, qonunlarga, qoida-me’yorlarga amal qilmaslik kabi holatlar, afsuski, jamiyatimizning yanada tezroq taraqqiy etishiga xalaqit bermoqda.
Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq yoshlar his etmoqda. Ular barcha yangilanishlarni o‘z hayotiga tatbiq qilishga intilmoqda. Biroq har narsada bo‘lgani kabi me’yorni, umuminsoniy tamoyillarni, xalqimizning azaliy qadriyatlarini unutish kerak emas. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin”. Bunga nimaning hisobidan erishiladi? Albatta, tarbiya hisobidan. Ammo tarbiya degani faqat maktab tarbiyasidan iborat emas. Tarbiya birinchi galda oiladan va mahalladan boshlanadi.
Teatr — ibratxona
Ma’naviyatni oshirishda teatrning o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, Prezidentimiz teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishini ta’kidladi. Unda eng yaxshi pesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabilar nazarda tutiladi. Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi.
Inson va jamiyat hayotida, xalqning ma’naviy dunyosini, ongu tafakkurini yuksaltirishda teatr san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi anglaymiz. Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek, teatr haqiqatan ham ibratxona, qutlug‘ tarbiya va ma’rifat maskanidir. Jahondagi eng ommaviy va ta’sirchan san’at turlaridan biri bo‘lgan teatr asrlar davomida odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, qalblarda oliyjanob fazilatlar, go‘zal his-tuyg‘ularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Biz esa, aksincha, teatrlarga borishni unutib qo‘ydik. Vaholanki, azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha hududimizda yangi-yangi ilm-fan va madaniyat maskanlari, zamonaviy teatr va amfiteatrlar barpo etilayotganiga guvohmiz. Bu haqda gap ketganda, jumladan, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri tashkil qilinganini ta’kidlash lozim. Xullas, hozirgi kunda shiddatli zamon, hayotning o‘zi barchamizning oldimizga o‘ta muhim va murakkab vazifalarni qo‘yayotgan, el-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylangan bir paytda teatr bu boradagi ishlarda ko‘makdosh bo‘la oladi.
Yig‘ilishda ko‘pdan beri xalqimizni o‘ylantirib kelayotgan seriallar haqida ham achchiq, ammo o‘rinli mulohazalar bildirildi. Haqiqatan ham, aksariyat seriallar g‘oyaviy-badiiy jihatdan nochor, ulardan o‘rin olgan mavzularda bugungi kun nafasi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o‘z aksini topmayapti. Telekanallar orqali namoyish etilayotgan sayoz, siyqa seriallar kimlar uchun, qaysi auditoriya uchun mo‘ljallangan? Bu savollar hamon ochiq qolmoqda.
Afsuski, bugun ayrim seriallarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmay qoldi. Ulardagi maishiy mavzular, yengil-yelpi sahnalar kishining g‘ashiga tegadi. O‘ylaymizki, endi vaziyat o‘zgaradi. Milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizim tubdan isloh etiladi.
Davlatimiz rahbari shu maqsadda Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasini yaratish zarurligini, unda, avvalambor, mahalliy ijodkorlarimizga, xususan, ijrochi san’atkorlar, dramaturg va rejissyorlarimiz uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratish o‘rinli bo‘lishini ta’kidladi. Buning uchun IT-park kabi erkin iqtisodiy zona — “Cinema-park” tashkil qilish lozimligini qayd etdi.
Kino sohasida ham islohotlar yanada kengaytiriladi. Jumladan, “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb qilinadi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratiladi.
Bu ishlar xalqimizning milliy g‘ururini yuksaltirish, yoshlarning Vatanimiz tarixiga oid bilimlarini boyitish, shuningdek, bugungi O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, ulardan zarur xulosalar chiqarish ko‘nikmasini yuksaltirish uchun ham juda zarur. Tan olish kerak, keyingi yillar mamlakatimiz tarixida sezilarli ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga g‘oyat boy bo‘ldi. Mamlakat va jamiyat hayotini isloh qilishda ko‘plab konseptual-nazariy o‘zgarishlar yuz berdi. Barcha sohada, ayniqsa, jamiyat siyosiy tizimidagi yangilanishlar xalqimiz ijtimoiy hayotini ijobiy tarafga o‘zgartirayotgani bilan birga, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
Ana shu masalalarni xalqimizning keng ommasi ijtimoiy ongiga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirish, shubhasiz, ma’naviyat, ma’rifat, targ‘ibot sohalarining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Afsuski, ayrim kishilar ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘ngilochar sahifalarga mahliyo bo‘lib qolgani, beparvoligi, bilimi pastligi oqibatida yurtimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, zarur xulosalar chiqarish ko‘nikmasiga ega bo‘lmayapti. Ma’naviyat bizga e’tiqodi sust, ijtimoiy jihatdan beg‘am ayrim yurtdoshlarimiz ma’naviy olamini shakllantirish va ularni arosatda qolish xavfidan qutqarish uchun ham kerak. Chunki Vatanimiz mustaqilligi, suverenitetining saqlab qolinishi, mamlakatning taqdiri har birimizning qo‘limizda.
Til — milliy o‘zlik ildizi
Davlatimiz rahbari o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanadi. Negaki, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili — xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Bu bebaho boylik o‘zbek qavmining ona tili sifatida millatimizning milliy-ma’naviy dunyosini charog‘on qilib tursa, davlat tili sifatida ko‘p millatli mamlakatimiz fuqarolari qalbiga bir davlatga, bir yurtga mansublik, birdamlik tuyg‘ularini joylaydi. Barchani yagona davlat ramzi sanalmish bayroq, gerb, madhiya kabi muqaddas timsollar singari bir yurtning sadoqatli farzandlari o‘laroq birlashtiradi.
Shu ma’noda, o‘zbek tili O‘zbekistonda faqat bir emas, balki ikki ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy vazifani bajarmoqda, zalvarli va muazzam vazifalarni yelkasiga ortmoqlagan holda takomil yo‘llaridan jadal odimlayotir.
Endilikda boshqa tillarda ta’lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o‘rganishga rag‘batlantirish bo‘yicha ham alohida mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, ular bu borada maxsus sertifikatga ega bo‘lsa, o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, o‘zbek tilidan boshqa tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari ko‘paytiriladi. O‘zbek tili bo‘yicha ham xalqaro fan olimpiadasini o‘tkazamiz. Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlari mamlakatimiz oliygohlarining o‘zbek filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Asrlar davomida insoniyat egallagan bilimlarning qaymog‘i bo‘lgan kitoblar inson shaxsini shakllantirishda benazir manbadir. Badiiy asarlar o‘quvchiga badiiy zavq bag‘ishlashi bilan birga, uning ongu qalbini boyitadi, ruhini yuksaltiradi.
Shu bois yurtimizda xalqimizning mutolaa madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Yig‘ilishda aytilganidek, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi. Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘p ming nusxalarda chop qilish va kutubxonalarga yetkazib berish choralari ko‘riladi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod etiladi. Tarjima san’atini rivojlantirish, mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis qilinadi. Bu — xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida boshlanayotgan yangi davr, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Xullas, bizning dunyo havasini keltiradigan buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimiz bor. Ona tuprog‘imiz bag‘ridagi boyliklar beqiyos. Nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk ma’naviyatimiz, adabiyotimiz va san’atimiz ham, albatta, bo‘ladi. Ma’naviy-ma’rifiy sohada Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar ijrosi bizni ana shu maqsadlarga yetaklaydi.
Buning uchun bugungi globallashgan zamonda har bir yurtdoshimiz atrofga teran nazar tashlab, bu ulug‘ niyatlarning amalga oshishi, jonajon Vatanimiz ravnaqi va istiqboli yo‘lida yanada fidokorlik, jonkuyarlik namunalarini ko‘rsatmog‘i kerak.
Dunyoga nazar sol…
Taloto‘p aro
Dam kulga do‘nmoqda, dam yonmoqda u.
Kunlari tunlarga aylanib qaro
Og‘riqlar ichida to‘lg‘onmoqda u...
Zamondosh!
O‘ylab boq!
Axir bor najot —
Gar bilmoq istasang, bir zum ko‘z tashla.
Qizingga dars bersin nomusu sabot,
O‘g‘lingni ezgulik, ilmga boshla.
Unutma!
Bugundan go‘zal saboq ol,
Aslida ravonmas, past-baland hayot,
Yaxshilikka yo‘ldosh qalbga quloq sol,
Najot ko‘nglingdadir, ko‘nglingda najot!
O‘tkir RAHMAT.