Yangi Toshkentda tadbirkorlarga yer ajratish va loyihalarni ma’qullash tizimi qayta ko‘rib chiqiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda.
– Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.
Bu yer zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Lekin hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Davlatimiz rahbari buni sarmoyadorlarda mablag‘ yoki xohish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘lmoqda.
– Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolat sezmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayon qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi ta’kidlandi.
Ayni paytda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning ortacha qiymati 2024-yilda 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 milliard so‘mga chiqqan.
O‘zA