Yangi texnologiyalar – yangi imkoniyatlar
Jizzax viloyatida 2014-yilda sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga asosan korxonalarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir.Jizzax viloyatida 2014-yilda sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga asosan korxonalarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyatda portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Darhaqiqat, zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona yiliga 700 ming tonna oq va portlandsement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Xalqaro bozorda xaridorgir bo‘lgan oq sementning 70 foizini eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida sanoat sohasida 159, xizmat ko‘rsatish sohasida 519, qishloq xo‘jaligida 170 loyiha amalga oshirildi. Ushbu jarayonda korxonalarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va qayta jihozlash borasidagi ishlar viloyat iqtisodiyotida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlarga olib keldi.
Yaqin yillargacha viloyatda qurilish uchun temir-beton mahsulotlari boshqa hududlardan olib kelinar va bu ko‘p vaqt hamda mablag‘ talab qilar edi. “Zinatkor temir-beton buyumlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani samarasida 14 turdagi tayyor temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yuzga yaqin kishi mehnat qilayotgan korxona yiliga sakkiz milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarib, namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan yangi uylar va yirik qurilishlarga temir-beton plitalari yetkazib berayotir.
Keyingi yillarda viloyatda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan o‘ttizdan ziyod g‘isht zavodi va ohak pishiradigan, o‘ndan ortiq noruda materiallar ishlab chiqarish korxonasi barpo etildi. Xususan, marmar plita, shifer, cherepitsa, eshik-rom chiqaradigan zamonaviy korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda tijorat banklari tomonidan sanoat sohasini rivojlantirishga 40,3 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgani iqtisodiyotning barcha sohalariga yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni paytda viloyatda 270 dan ortiq tikuvchilik, ipakchilik, to‘qimachilik mahsulotlari, ip-kalava, trikotaj mato ishlab chiqaradigan korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Paxta tolasini qayta ishlash tarmog‘ida ochilgan yangi korxonalar viloyat iqtisodiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir. “Jizzax pllasteks”, “Jizzax kenteks”, “Rus teks”, “Jizzax Toshtepa tekstil” kabi korxonalar qatoriga shu yil ish boshlagan “Odina Skarlet tekstil”, “Orzu tekstil”, “Nargiza teks” kabi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yangi korxonalar qo‘shildi.
Ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jizzax kenteks” korxonasi bir oyda 500 tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 200 nafardan ziyod ishchi-xizmatchining samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanib, xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatdik, – deydi “Jizzax kenteks” korxonasi rahbari Qobil Rashidov. – Yangi texnologiyalardan foydalanilayotgani tufayli ip-kalava 11 yoki 12 bosqichli ish jarayonida emas, balki 6 bosqichda tayyorlanmoqda. Ishlab chiqarish quvvati oshib, mahsulot sifati yaxshilangani mahsulotimizni xorijga eksport qilish imkoniyatini bermoqda.
Engil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida viloyatda yetishtirilayotgan paxtaning 40 foizdan ziyodi shu yerning o‘zida qayta ishlanmoqda. Dasturga asosan paxta tolasini qayta ishlashni 2015-yilda 68,5 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarining kirib kelishi viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bilan birga, aholini kundalik ehtiyoj buyumlari bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan yili viloyat aholisining trikotaj mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish darajasi 31,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni 56,5 foizga yetkazish mo‘ljallangan.
– Bankning 1,2 milliard so‘mlik krediti hisobiga Xitoydan paypoq ishlab chiqaradigan 42 dastgohdan iborat “ZF-6F” rusumdagi yangi texnologik liniya keltirib o‘rnatildi, – deydi “Mir-Ulug‘bek MX” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Furqat Hasanov. – Bu mahsulot hajmini ikki barobar oshirish bilan birga, uning sifatini yanada yaxshilash imkonini berdi. Modernizatsiya ishlaridan so‘ng 26 nafar kollej bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi.
Viloyatda zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan yangi korxonalar barpo etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.