Yangi texnologiyalar va iqtisodiy taraqqiyot
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti davlat ilmiy-texnika dasturlarida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etishda faol ish olib borayotgan zamonaviy ilm-fan muassasalaridan.
Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 42-modda.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyuldagi «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ilm-fan faoliyati va innovatsion iqtisodiyotni yanada rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti davlat ilmiy-texnika dasturlarida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etishda faol ish olib borayotgan zamonaviy ilm-fan muassasalaridan. Mazkur institut direktori, professor Hotam Ashurov bilan O‘zA muxbirining suhbati ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida bo‘ldi.
– Ion-plazma va lazer texnologiyalari yo‘nalishi zamonaviy ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib, bugun taraqqiyotni bu soha ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, – deydi H.Ashurov. – Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos ilmiy maktablar yaratilgani fan taraqqiyotini zamon bilan hamqadam rivojlantirish barobarida, yaratilayotgan ixtirolardan amaliyotda foydalanish jarayonini tizimli asosda yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘layotir.
Institutimizdagi o‘nta laboratoriyada ilmiy tadqiqotlarni xalqaro andozalar darajasida tashkil etish imkoniyati yaratilgan. Olim va yosh tadqiqotchilarimiz yigirmadan ortiq loyiha ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Fizikaviy elektronika, optika, lazer fizikasi, issiqlik fizikasi kabi sohalarga oid ilmiy loyihalar iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Quyosh energetikasi sohasidagi ishlanmalarimiz bunga misoldir. Globallashuv jarayoni chuqurlashayotgan bugungi zamonda tabiat boyliklarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifaga aylanmoqda. Bu yo‘nalishdagi izchil ishlar natijasida mamlakatimizda quyosh energiyasidan foydalanish borasida muhim yutuqlarga erishilmoqda.
Ma’lumki, quyosh energetikasida eng ko‘p ishlatiladigan material kremniydir. Tabiatda kremniy faqat kislorodli birikmalar ko‘rinishida bo‘ladi. Uni tozalashda samaradorlikka erishish sanoatda doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Yuqori tozalikda ajratib olingan mahsulot polikristall kremniy deb ataladi va u ishlab chiqarishda yuqori qiymatga ega.
Institutimiz olimlarining polikristall kremniy olish bo‘yicha ilmiy izlanishlari natijasida yaratilgan texnologiya ana shunday materialni tozalash bo‘yicha dunyo miqyosida eng ilg‘or usullardan biridir. Ushbu noyob texnologiya mamlakatimiz va taraqqiy etgan davlatlarning o‘n oltita patenti bilan tasdiqlangan. Hozir ushbu mahsulotni sanoat miqyosida olishning tajriba qurilmasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bu texnologiya quyosh energetikasi sanoatini jahon andozalari darajasiga olib chiqish va tejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish orqali mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, energetika sohasida ishlatiladigan turbinalarning foydali ish koeffitsentini oshirish bo‘yicha ham izlanishlar olib borilmoqda. Ion-plazma texnologiyasi asosida bu yo‘nalishda yaratilgan metall sirtini vakuum-yoy usulida tozalash texnologiyasi ekologik jihatdan sofligi, chiqindisiz ishlashi jihatidan dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarga manzur bo‘layotir. Ayni paytda undan nafaqat mamlakatimiz, balki xorijdagi po‘lat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi korxonalarda ham keng foydalanilmoqda.
Ayni paytda ilm-fanning ana shunday ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizdagi yigirmadan ortiq sanoat korxonasi bilan bevosita hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga o‘z vaqtida tatbiq etish va jamiyatimizni modernizatsiyalashda muhim omil bo‘layotir.
– Ilm-fan va ta’lim hamkorligi, yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga jalb etish jarayoni haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Ilm-fanimiz ertasi bo‘lgan yosh avlod tarbiyasi faoliyatimizning muhim yo‘nalishidir. Bu borada Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yetakchi olimlar va tadqiqotchilarimiz ilmiy izlanishlar bilan bir qatorda ta’lim jarayoniga jalb etilmoqda. Ushbu oliy o‘quv yurtlarida fizika va elektronika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlarning amaliyot jarayoni institutimiz bazasida o‘tkaziladi. Ilm-fan faoliyatiga yoshlar bakalavriatura bosqichidanoq yo‘naltiriladi. Yetakchi olimlarimiz va tadqiqotchilar «ustoz-shogird» an’anasi asosida yoshlarga o‘z mahoratini o‘rgatadi.
Institutimizdagi yosh olimlar kengashiga o‘ttizdan ortiq yosh tadqiqotchi a’zo. Yosh olimlar o‘rtasida fanning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Ana shunday imkoniyatdan oqilona foydalanayotgan yoshlar salmoqli natijalarga erishmoqda. Xususan, quyosh energetikasi sohasida o‘n beshdan ortiq iqtidorli yosh ilmiy kadr shakllangani fikrimiz isbotidir. Bu sohadagi ishlarni izchil davom ettirish, ilmiy an’analarni yangi tamoyillar asosida yanada boyitish asosiy maqsadimizdir.
– Ilm-fan faoliyatini rivojlantirishda xalqaro aloqalar qanday o‘rin tutayotir?
– Prezidentimiz rahnamoligida xalqaro aloqalarga keng yo‘l ochilgani mamlakatimiz ilm-fani rivojini jahon andozalari darajasiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda institutimiz taraqqiy etgan davlatlardagi yigirmaga yaqin ilm-fan markazi bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ilmiy loyihalarimiz nanotexnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgani o‘z samaralarini berayotir.
Finlyandiyaning fizika yo‘nalishidagi ilm-fan muassasalari bilan hamkorlikdagi loyihalarimizni alohida qayd etish lozim. Mazkur mamlakat olimlari o‘zbek olimlarining ion-plazma sohasida orttirgan boy tajribasini yuksak qadrlashini alohida e’tirof etishadi. Albatta, bularning barchasi mustaqillik bergan ulkan imkoniyatlar tufaylidir. Bunday zamonaviy sharoitlardan oqilona foydalanib, ilm-fan salohiyatini yanada yuksaklarga ko‘tarish, Vatanimizning kuch-qudrati va iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga munosib ulush qo‘shish muhim burchimizdir.