Yangi telefonning "IMEI" kodini ro‘yxatdan o‘tkazish — tadbirkor zimmasida
So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan murojaatlar orasida bir xil holat tez-tez takrorlanmoqda. Fuqaro yangi telefon sotib oladi, ammo bir necha kun o‘tib u ishlamay yoki tarmoqdan uzilib qoladi. Sababi esa kutilmagan — qurilmaning “IMEI” kodi ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘ladi.
Bunday vaziyatda ko‘pchilik endi o‘zim ro‘yxatdan o‘tkazishim kerakmi, deya tushkunlikka tushadi.
Qonunchilikka ko‘ra, “IMEI” kodini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati xaridorga emas, balki ishlab chiqaruvchi, import qiluvchiga yoki telefonni sotgan tadbirkorga yuklatilgan.
Ya’ni, siz do‘kondan telefon xarid qilar ekansiz, u to‘liq tayyor holda, barcha rasmiy talablar bajarilgan bo‘lishi shart. Siz esa uni qo‘lga olib, bemalol foydalanishingiz kerak.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil davomida bu masala bo‘yicha 147 ta murojaat kelib tushgan. Ularning bir qismi ijobiy hal qilingan, ayrimlariga huquqiy tushuntirish berilgan. Bu esa muammo hali ham dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
Muammo qayerda?
Ayrim holatlarda tadbirkorlar o‘z majburiyatini to‘liq bajarmay, “IMEI” ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qurilmalarni sotuvga chiqarmoqda. Natijada esa oddiy xaridor ortiqcha ovoragarchilikka duch kelyapti.
Agar “IMEI” kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa yoki iste’molchiga bu haqda oldindan ma’lumot berilmagan bo‘lsa, bu qonunbuzarlik hisoblanadi va bunday tadbirkorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Shuning uchun, telefon xarid qilayotganda faqat narxi va dizayniga emas, balki uning qonuniy jihatlariga ham e’tibor berish shart. Zarur bo‘lsa, sotuvchidan “IMEI” holati haqida aniq ma’lumot so‘rashdan tortinmaslik kerak.
Nigora Rahmonova,
O‘zA