Yangi tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishish jarayonida yuqori salohiyatli ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga e’tibor qaratdi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov aynan shu masalaning ahamiyati haqida munosabat bildirdi:
– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ilm-fan va innovatsiya sohasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Zero, bugungi global raqobat sharoitida davlatlarning qudrati tabiiy resurslar yoki iqtisodiy imkoniyatlar bilan emas, balki intellektual salohiyat, ilmiy yangiliklar va yuqori malakali kadrlar salohiyati bilan belgilanmoqda.
Shu bois, mamlakatimizda ilm-fanni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ilmiy muhit yaratish va raqobatbardosh ilmiy kadrlar tayyorlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotir.
Ayniqsa, keyingi yillarda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mamlakatimizda ilmiy faollik sezilarli darajada oshdi. Xalqaro ilmiy nashrlarda chop etilayotgan maqolalar soni ko‘paydi, yuqori reytingli jurnallarda e’lon qilinayotgan tadqiqotlar ulushi ortib bormoqda. Bu esa, O‘zbekiston ilm-fanining xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Biroq, bugungi zamon shunchaki ilmiy faollik bilan cheklanib qolmasdan, tadqiqotlar sifati, ularning amaliy ahamiyati va iqtisodiyot bilan integratsiyasini kuchaytirishni talab qilmoqda.
Davlatimiz rahbari ham taqdimotda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surdi.
Mazkur taqdimotning eng muhim jihatlaridan biri – mamlakatning uzoq muddatli ilmiy-texnologik rivojlanishi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarga alohida e’tibor qaratilganidir.
Jumladan, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar va seysmologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda ilmiy kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Buning ahamiyati shundaki, endilikda ilmiy kadrlar tayyorlash umumiy yondashuv emas, balki mamlakat kelajagi uchun muhim bo‘lgan strategik sohalar ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bu esa ilmiy tadqiqotlarning aniq maqsadga yo‘naltirilishi, intellektual resurslarning samarali taqsimlanishi va mamlakatning texnologik mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Taqdimotda ustuvor yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan doktorantlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning stipendiyalarini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan zamonaviy asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari va reagentlar xaridiga har yili qo‘shimcha mablag‘lar ajratish masalalari ham alohida ko‘rib chiqilgani diqqatga sazovor.
Bu, avvalo, ilmiy izlanishlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tadqiqotlarning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Chunki bugungi kunda ilm-fan taraqqiyoti faqat olimning bilim va iqtidori bilangina emas, balki uning qanday sharoitda ishlayotgani, qanday laboratoriya va texnologiyalardan foydalanayotgani bilan ham bevosita bog‘liq. Zamonaviy ilm yuqori aniqlikdagi qurilmalar, raqamli texnologiyalar va ilg‘or tadqiqot infratuzilmasini joriy etishni taqozo qiladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, yosh olim va tadqiqotchilar uchun munosib sharoit yaratish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi. Ilm-fan sohasida yuqori natijaga erishish uchun faqat talab qo‘yishning o‘zi yetarli emas. Ilmiy faoliyat barqaror moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, munosib motivatsiya va tadqiqotchi mehnati bilan rivoj topadi. Qolaversa, yosh olimlar o‘z iqtidori va intellektual salohiyatini to‘liq namoyon qilishi uchun ularning ijtimoiy himoyasi, ilmiy erkinligi va moddiy imkoniyatlari muhim ahamiyatkasb etadi.
Stipendiyalarning oshirilishi esa nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki yoshlarga davlat tomonidan berilgan yuksak ishonch va e’tiborning amaliy ifodasi hamdir. Bu orqali iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali milliy ilmiy kadrlar zaxirasini shakllantirish imkoniyati yanada kengayadi. Eng muhimi, bu kabi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kelajakda mamlakatimizda kuchli ilmiy maktablar shakllanishi, yangi avlod olimlari yetishib chiqishi va O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratadi.
Eng muhim yangiliklardan biri sifatida “Loyiha doirasida ilmiy daraja” va “Amaliy doktorantura” dasturlarini joriy etish taklifi e’tiborga molik. Bu orqali ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori o‘rtasidagi integratsiya kuchayadi. Ilmiy tadqiqotlar endi faqat nazariy ish emas, balki ishlab chiqarish, iqtisodiyot va amaliyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllanadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur taqdimot ilmiy kadrlar tayyorlash va ilm-fan sohasini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin bo‘lgan muhim strategik qadam bo‘ladi. Uning amalga oshirilishi mamlakatimizda zamonaviy, raqobatbardosh va natijaga yo‘naltirilgan ilmiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu islohotlar orqali ilm-fan iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanib, Yangi O‘zbekistonning intellektual kelajagini ta’minlaydi.
N.Abduraimova,
O‘zA