Buxoro viloyatining asosiy drayverlaridan biri sanalgan tekstil yoʻnalishida hozirda 741 ta korxonalar faoliyat olib bormoqda. Sohada band boʻlganlar 20 ming nafarni tashkil etib, korxonalar tomonidan oʻtgan yili 6,5 trillion soʻmlik mahalliy, xorijga esa 150 million dollarlik mahsulotlar bozorga chiqarilgan.
Davlatimiz rahbarining agrar tarmoq rivojiga qaratgan eʼtibori natijasida hozirda Buxoro viloyatida paxtachilik boʻyicha jami 10 ta klasterlar faoliyat olib bormoqda. Soʻngi 5-yil davomida viloyat boʻyicha paxta tolasini qayta ishlash darajasi 58,0 foizdan – 100,0 foizga, ip-kalava ishlab chiqarish quvvati 57,4 ming tonnadan 100 ming tonnaga, ip-gazlama ishlab chiqarish quvvati 315 million kv. metrga yoki 2,0 barobarga oʻsdi. Bugungi kunda, Buxoroda jami 96 ming gektar paxta ekin maydonlarini toʻliq qamrab olgan holda, 10 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari paxta yetishtirib kelmoqda.
– Qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalarni, urugʻ navlarini ilmiy asosda tatbiq etish bilan birgalikda endi shu yetishtirgan paxtadan olingan hosilni tayyor mahsulot holatiga olib chiqishdan iborat, – deydi “Merganteks” paxta-toʻqimachilik klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev. – Bu qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, qoʻshimcha qiymat zanjiridagi davlat byudjetiga tushadigan mablagʻlarni bir necha barobar oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga zamonaviy ishlab chiqarishda band boʻladigan ishchilar sonini bir necha barobarga oshirish barobarida, albatta, eksport salohiyati oʻsishiga olib keladi. Hozirda, yiliga 100 ming tonna sintetik tola va uning asosida 25 ming tonna aralash tolali kalava ip va 50 million kvadrat metr tayyor aralashma tolali gazlama ishlab chiqarish loyihasini boshladik.
[gallery-20102]
Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida yoʻlga qoʻyilgan tizimli ishlar samaradorlik asosi boʻlib xizmat qilmoqda. Joriy yil 16-aprel kuni oʻtgan videoselektordagi berilgan qator imkoniyatlar esa klaster rahbarlari, fermer xoʻjaliklari aʼzolariga yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.
Viloyatdagi yana bir yirik paxta toʻqimachilik klasteri ham hozirda faoliyat koʻlamini kengaytirishdan tashqari germaniyalik hamkorlar bilan birga yillik ishlab chiqarish quvvati 65 000 000 kvadrat metr har turdagi paxta ipli va 400 tonna indantrend kalava ip boʻyash loyihasini amalga oshirmoqda. Shuningdek, korxona 8 million dona tayyor mahsulotni chet el bozorlariga yetkazib berdi.
– Yurtboshimiz tomonidan biz tadbirkorlarga ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi, – deydi paxta-toʻqimachilik klasteri rahbari Dilshod Bobojonov. – Tayyor boʻyoq boʻyash fabrikalari, matolarni boʻyash, toʻqimachilik sohasidagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihalariga 10 million AQSH dollarigacha boʻlgan kreditlarni 6 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplab berilishi aytilgandi. Buning ham ijrosi taʼminlanmoqda va korxonaning eksport geografiyasi kun sayin kengaymoqda. Shuningdek, yangi investitsion loyihalar boʻyicha hozirda jahonda, Yevropada oʻz oʻrniga ega boʻlgan brend kompaniyani yurtimizga kelishiga doir kelishuvlar imzolandi. Loyiha boʻyicha yiliga 25 million dollar tayyor tekstil mahsulotlar ishlab chiqaradigan loyiha ishga tushish arafasida. Hozir qurilish ishlar yakunlanib, hamkorlarimiz tomonidan korxonani Yevropadan yurtimizga koʻchirish boʻyicha ishlar boshlandi. Xususan chekka-chekka tumanlarda 50 dan 100 gacha boʻlgan tayyor tikuv sexlari tashkil topadi.
Klaster tasarrufidagi korxona va fabrikalarda xalqaro bozor talablariga toʻla mos keladigan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilgan. Misol uchun, hozirda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanayotgan toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi Yevropa bozori uchun 10 million pogona metrga teng eng sifatli mahsulot yetkazib beryapti va eksport hajmini 15 million dollarga yetkazishni rejalashtirgan.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻidan soʻng asosan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, xorij bozorlarida oʻz oʻrnini topayotgan Buxoro shahridagi yana bir tekstil korxona oʻz eksport geografiyasini ikki barobarga oshirish boʻyicha ishlarni olib bormoqda.
– Korxonada asosan erkaklari, ayollari va bolalarga jinsi shimlar, shuningdek, harbiylar uchun maxsus kiyim-boshlar tayyorlaydi. 2023-yilda eksport hajmi 300 ming AQSH dollarga teng boʻldi. Kelgusida bu koʻrsatkichni 400 ming AQSH dollarga chiqarish rejalashtirilgan. Korxonadagi yangi tashabbuslar orqali viloyatning eksport koʻrsatkichlari uchun qoʻshimcha 10 million AQSH dollarga teng zaxira bazasi yaratish hamda 20 million AQSH dollarga teng qiymatda import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, qolaversa, davlat byudjetiga 12 milliard soʻmlik qoʻshimcha tushumlar kiritish imkoniyati yaratilmoqda, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Sherali Bahronov.
Umuman olganda, 750 ga yaqin tekstil korxonasi mavjud viloyatda ularning bor-yoʻgʻi 20 foizga yaqini eksportyorlar qatoridan joy olgan. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida endilikda bu koʻrsatkichni 40 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Bu bilan imkoniyat ham, salohiyat ham mavjud viloyat iqtisodiyoti yanada yuksalishiga zamin yaratiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
OʻzA muxbirlari.