Yangi taraqqiyot va keng imkoniyatlar sari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga navbatdagi tashrifi hudud hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Zero, bugun Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yirik investitsiya loyihalari va ijtimoiy dasturlar zamirida, avvalo, inson manfaati va xalq farovonligini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam.
Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, istiqboldagi vazifalar ham belgilab berildi. Ayniqsa, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan loyihalar Qoraqalpog‘iston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab bermoqda.
E’tiborlisi, tashrif doirasida umumiy qiymati 7,6 milliard dollar bo‘lgan loyihalarning ishga tushirilishi va yangi ishlab chiqarish quvvatlari qurilishiga start berilishi hududning investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib borayotganidan dalolatdir. Bu raqamlar ortida esa yangi korxonalar, zamonaviy ishlab chiqarish, mahalliy kadrlar uchun mehnat imkoniyatlari va minglab oilalarning barqaror daromad manbalari mujassam.
Bugungi Qoraqalpog‘istonni kechagi Qoraqalpog‘iston bilan taqqoslaganda, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning ko‘lami yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yilda hududning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib bu ko‘rsatkich 54 trillion so‘mdan oshgan. Bu, o‘z navbatida, hudud iqtisodiy salohiyatining tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Tashrifda aholi turmush sharoitini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani e’tiborga molik. Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, tibbiyot, ta’lim, sport, shahar muhitini obodonlashtirish kabi yo‘nalishlardagi ishlar inson qadrini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning uzviy davomi bo‘lmoqda. Nukus shahrida zamonaviy dam olish va tadbirkorlik muhitini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham bu yondashuvning amaliy ifodasidir.
Biz uchun mazkur jarayonlarning eng muhim jihati har bir islohot va har bir investitsiyaviy loyiha inson hayotida aniq natija kasb etishidadir.
Yangi korxona — yangi ish o‘rni, zamonaviy infratuzilma — aholi uchun munosib sharoit, yangi ta’lim imkoniyati — yoshlar uchun mustahkam kelajak demak. Shu ma’noda, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan har bir bunyodkorlik ishi hududning bugungi qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, uning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Biz partiyamiz dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, ijtimoiy adolat, inson qadri, munosib mehnat va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni jamoatchilik bilan hamkorlikda qo‘llab-quvvatlashni muhim vazifa, deb bilamiz.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga har bir tashrifi hudud taraqqiyotining yangi ufqlarini belgilab berayotgani bilan ahamiyatli. Ushbu tashrif ham Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy jihatdan yanada qudratli, ijtimoiy jihatdan barqaror va insonlar uchun yanada farovon hududga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Eng muhimi, bugun Qoraqalpog‘istonda barpo etilayotgan yangi imkoniyatlar ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Nurlibay Qaypbergenov,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi
O‘zA