Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida “7 SABER” brendi, “U-1 CHAMPIONSHIP” promouterlik kompaniyasi va “7 FIGHTING SERIES” klubining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, “Berkeley Square Investments” korporatsiyasi rahbari Ross Konnon, boks, taekvondo, qilichbozlik, para-kanoe bo‘yicha “Tokio-2020” litsenziatlari, dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz vakillari, sport faxriylari, sport jamoatchiligi vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasida sportchilarimiz xalqaro maydonda yuksak natijalarni qayd etmoqda. Bu esa dunyoga sportchilarimizning hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini yana bir bor namoyon etmoqda. Ularning bu muvaffqiyatlari esa jahonga mashhur yirik brendlar e’tiborini tortib, atletlarimizga homiylik qilish istagida bo‘lgan kompaniyalar ko‘paymoqda.
Taqdimotda yangi brend – “7 SABER”ning nomlanishi haqida tushuntirib o‘tildi:
– 7 raqami sport dunyosida omad va kuchli irodani ifodasa, “SABER” “qilich” ma’nosini bildirib, sharq olamida ishonch va o‘tkirlik ma’nosini bildiradi. Bu esa yangi brendning kelgusida jahonning eng zo‘r brendlari qatoridan joy olishiga umid bag‘ishlaydi, – dedi Ross Konnon. – Shuningdek, promouterlik kompaniyasi tashkil etishdan asosiy ko‘zlangan maqsad o‘zbek yakkakurashchilari jahon miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etishini ta’minlash va mamlakatda nufuzli musobaqalarni tashkil etishdir.

Mamlakatimiz sportida ilk bora, “7 SABER” brendi, “U-1 CHAMPIONSHIP” promouterlik kompaniyasi va “7 FIGHTING SERIES” klubining tashkil etilishi kelgusida o‘zbek sportchilarining yangi marralar sari olg‘a borishiga ko‘maklashadi.
Taqdimot marosimi so‘nggida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan OAV xodimlari tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA