Yangi sport majmuasi ochildi
– Ochig‘ini aytganda, o‘q otish sporti rivojlanmagan edi, – deydi Farg‘ona viloyat faxriy sportchilari kengashi mas’ul kotibi Adhamjon Otajonov. – Chunki buning uchun bir qator talablar bo‘lishi lozim. Avvalo maxsus otish joyi, qurol, undan foydalanishga ruxsat. Shuning uchun ham Farg‘onadagi zamonaviy o‘q otish sporti majmuasi yoshu qariga birdek sovg‘a bo‘ldi.
Ha, so‘nggi yillarda Farg‘onada kamondan otish sporti deyarli har bir shahar-tumanda tashkil etilib shakllandi. Ularda minglab yigit-qizlar shug‘ullanmoqda va turli darajada musobaqalar ham o‘tkazilyapti. Ammo o‘q otishga ixtisoslashgan maskan orzu bo‘lgan. Mana endi Farg‘onada bu yo‘nalishda ham zamon talablariga mos sport majmuasi tashkil etildi.

E’tiborli jihati shundaki, u faqat o‘q otish bilangina chegaralanib qolmagan. Bu yerda sportning boshqa turlari bilan ham shug‘ullanish uchun sharoit yaratilgan.


Yangi sport majmuasining tantanali ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov, harbiy xizmatchilar, sportchi yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA