O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida taniqli fransuz yozuvchisi Jan Kokto asari asosida sahnalashtirilgan “Telba” spektaklining Badiiy kengash muhokamasi o‘tkazildi.
Inssenirovka muallifi va postanovkachi rejissyor - Shuhrat Ibragimov, rassom - Sardor Otabayev, musiqa tanlovchi - Bahodir Zokirov, videografist - Yevgeniya Biserova. Lyumer rolini Baxtiyor Turg‘unov ijro etadi.
-Bir aktyor teatri bu teatr san’atidagi murakkab janr va uslub. Unda rejissyor o‘z tasavvuridagi olamini, hayotga bo‘lgan munosabati va qalb tuyg‘ularini bittagina aktyor orqali sahnada namoyon qiladi. “Telba” sahna asarida yolg‘izlikka duchor bo‘lgan insonning bir kunlik hayotini ko‘rish mumkin. Qahramonning ayrim xarakterlarini ishlash lozim, chunki yolg‘iz inson baxtsiz bo‘ladi. Rejissyor avvalo shu baxtsizlikni ko‘rsatib beradi, - dedi san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhabbat To‘laxo‘jayeva.

Spektaklda Lyumer ismli kishining darveshona muhabbati, o‘z xayollari va orzulari dengizidagi yolg‘iz hayoti aks etgan. U sevgan yori Anjelaning qalbini zabt etishi va diydor umidi ila yashaydi. Anjela kelarmikin?!
-Mazkur spektakl nafaqat mutaxassislar, balki ko‘plab tomoshabinlar ko‘radigan sahna asari bo‘libdi. Telba insonning ichki tuyg‘ulari, jamiyatga munosabati, eng asosiysi sof muhabbati yorqin aks etgan. Hozirgi tomoshabinlar uchun bu janr va mavzu biroz og‘irlik qilishi mumkin. Spektaklning badiiy yaxlitligi va aktyor ijrosi yuqori darajada yaratilgani bilan ajralib turibdi, - dedi falsafa fanlari nomzodi, professor Ma’mur Umarov.
O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Telba” spektaklining premera oldi namoyishi o‘tkazildi. Kuz faslida katta premera o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri