
Buxoro viloyatida quvvati 270 megavattli issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida O‘zA saytida xabar berilgan edi.
2022 yil 11 yanvar kuni soat 16:32 da ushbu stansiya O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Buxoro viloyatidagi ilk issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, viloyatning 80 foiz iste’molini qoplaydi.
Qurilmalarning foydali ish koefitsiyenti yuqoriligi hisobiga yiliga 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi qaroriga muvofiq davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirildi. Umumiy qiymati 150 million AQSH dollari teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga tatbiq etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA