Yangi qulayliklar gazchilarga manzur bo‘lmoqda
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali viloyatdagi gaz to‘ldirish stansiyalari va gaz to‘ldirish shoxobchalariga ishchi-xodimlarning ovqatlanishi, yuvinishi va ishdan bo‘sh vaqtida dam olishi uchun maxsus jihozlangan ko‘chma konteyner o‘rnatdi.
Surxondaryo viloyatidagi o‘n oltita gaz to‘ldirish inshootida yuzdan ortiq ishchi-xodim iste’molchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yil mart oyining o‘tgan davrida gaz ballonlariga rejadagi 4 million 402 ming 8 tonna o‘rniga 4 million 497 ming 350 tonna suyultirilgan gaz to‘ldirdi.

Inson manfaatlari ulug‘lanayotgan yurtimizda aholi farovonligini yuksaltirish, ishchi-xizmatchilarning munosib mehnat qilishi va ishdan bo‘sh vaqtlarida sermazmun hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Viloyatdagi gaz to‘ldirish stansiyalari va gaz to‘ldirish shoxobchalarida zamonaviy sharoitlar yaratilgani ham ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilib, mehnatga munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda.

Tog‘li Boysun tumanidagi gaz to‘ldirish inshootiga ayrim ishchilar olis mahallalardan qatnab ishlaydi. Ayniqsa, ob-havo noqulay bo‘lgan kunlarda ular ishdan qaytishda ba’zi muammolarga duch kelishi mumkin. Endilikda yaratilgan yangi sharoit bu masalaga chek qo‘ydi. Xodim shu yerning o‘zida ovqatlanib, tunab qolishi ham mumkin.

– Keyingi yillarda ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilib, barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Boysun gaz to‘ldirish shoxobchasi texnik hisobchisi Abdumajid Abdurahimov. – Jumladan, bepul maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlanyapti. Bepul sut mahsulotlari tarqatiladi. Dam olish va ovqatlanish xonalari ham tunu kun ularning xizmatida. Ko‘chma yuvinish xonasi har bir ishchi-xodimning sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etib, mehnat qilishi uchun yana bir qulaylik bo‘lmoqda. Shuningdek, gaz to‘ldirish stansiyasida gaz saqlash, uning xavfsizlik choralari, gaz ballonni to‘ldirish, ballonlardagi qoldiqlarni bo‘shatish kabi barcha jarayonlar video kameralar orqali kuzatib turiladi. Bunday o‘zgarish va yangilanishlar jamoamizning har bir a’zosiga faxr bag‘ishlab, o‘z vazifasini yanada samarali bajarishga undamoqda.

“Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish stansiyasida yaratilgan yangi sharoitlar ham ishchi-xodimlarga juda manzur bo‘lmoqda. Endilikda ular shu yerning o‘zida tushlik qilishi, dam olishi mumkin. Doimiy issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan ko‘chma yuvinish xonasida ham barcha qulaylik mavjud.
– Ish joyimizning o‘zida bunday qulayliklarning barpo etilgani bizning o‘z vazifamizga munosabatimizni yanada o‘zgartirdi, – deydi “Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish stansiyasi sinovchi mutaxassisi Alisher Yunusov. – Masalan, men 40 kilometr uzoqdan qatnab ishlayman. Qishning sovug‘ida ham, bahorning seryog‘in kunlarida ham ishga kelaman. Albatta, bu ayrim qiyinchiliklarni yuzaga keltirar edi. Endi ishdan juda kech qolsam yoki yog‘ingarchilik kunlari shu yerda tunab qolishim mumkin. Dam olish, ovqatlanish va yuvinish uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutasaddilarining aytishicha, mazkur inshootlarda xodimlarga yo‘riqnomada ko‘rsatilgan mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi qoidalari, shuningdek, ob’ektda har qanday texnogen halokat yuz berganida fuqarolar muhofazasini ta’minlash, bunday holatda bajarilishi zarur bo‘lgan barcha harakatlarni to‘g‘ri amalga oshirish hamda texnik vositalardan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalar berish yo‘lga qo‘yilgan.
– Bundan tashqari, har bir xodim ish joyida maxsus formada bo‘lishi qat’iy belgilangan, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Umid Esirgapov. – Texnika xavfsizligi bo‘yicha ajratilgan maxsus kiyimlardan, ish jarayonida mehnat qurollaridan to‘g‘ri foydalanish talab etiladi. Bu tartiblar xodimlarning texnika xavfsizligini ta’minlashda, yaratilgan yangi sharoitlar esa ularni ijtimoiy himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha ishlarni mas’uliyatni chuqur his etib, o‘zi va iste’molchilar salomatligini xatarga qo‘ymasdan bajarishiga qulay muhit yaratadi.
Sohada yuz berayotgan bunday o‘zgarishlar gazchilar mehnatini qadrlab, ularning qulay sharoitlarda ishlashiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri