“Yangi Qo‘qon”– uysozlikda yangi sahifa (+video)
Qo‘qon shahriga nisbat berilganda ko‘hna va navqiron degan ibora ishlatiladi. Qo‘qon Buyuk ipak yo‘lidagi qadimiy savdo markazlaridan biri ekani ma’lum. Navqironligi esa yangi, zamonaviy binolar eng ko‘p qad rostlagan shahar ekanidadir.
Yangi O‘zbekiston dasturidan “Yangi Qo‘qon” mavzesi deb nom olgan sobiq yog‘-moy kombinati o‘rnida 84 ta 10-16 qavatli uylar qad rostlamoqda. Qurilishi boshlanganiga hali bir yil bo‘lmadi, ammo oldi binolar O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligi arafasida tayyor holatda aholiga topshiriladi.
Xo‘sh, “Yangi Qo‘qon”da nimalar bo‘ladi?
[gallery-24435]
– Bolalar kutubxonasi, yoshlar majmuasi, ko‘ngilochar attraksionlar, oilaviy dam olish uchun xiyobon va saylgoh tashkil qilinyapti, – deydi Farg‘ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Avazbek Madaminov. – 1990 o‘rinli zamonaviy ixtisoslashgan maktab, bolalar maktabgacha ta’lim muassasasi qurilyapti, Bu yonda Qo‘qon davlat universitetining binosi bo‘ladi. Uning yonida esa 5 qavatli avtomobillar turargohi bunyod etilyapti, chunki uy-joy mavzesi hududida mashinalar qatnovi cheklangan. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi ham loyihadan joy olgan. Ma’lumki Qo‘qon azaldan savdo va ishlab chiqaruvchilar shahri. Shuning uchun mavzeda 16 va 10 qavatdan iborat biznes markazi binolari joylashgan.
“Yangi Qo‘qon” mamlakatimizda ipotekaning yangi tizimiga asos solmoqda. Ya’ni bu uylar o‘rnidagi ma’nan eskirgan binolar badalini tadbirkor to‘lab so‘ng o‘rnida qurilish boshlayotgani yo‘q. Uy-joy qurilishi ham tadbirkorning mablag‘iga bunyod etilmayapti. U davlat va bankning yangi munosabatlari asosida ro‘yobga chiqmoqda. Endi uyning egasi tadbirkor emas, unga yer olish, imorat qurish xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan davlat sherikchiligidagi bank. Uylarni ham banklarning o‘zlari sotmoqda.
– “O‘zsanoatqurilishbank” ATB mijozlarga 20 yil bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosidagi imtiyozli kredit asosida kirib yashash uchun tayyor qilib qurilgan uy-joylar kalitlarini mustaqillik bayrami arafasida topshiradi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Qo‘qon filiali xodimi Islomjon Sohibnazarov. – Bu uylar sifat jihatdan Yevropa me’yorlariga moslashtirilgan. Ularni nafaqat qo‘qonliklar, balki atrof tumanlar aholisi ham sotib olish istagini bildirmoqda.
“Yangi Qo‘qon” mavzesidagi uy-joylar, ijtimoiy inshootlar qurilishi va ulardan foydalanishda qator o‘ziga xos tomonlari bor.
– O‘zbekistonda birinchi marta har bitta xonadonga ichimlik suvi va texnik suvi quvurlarini olib kiryapmiz, – deydi Avazbek Madaminov. – Bu ichimlik suvini tejashni ta’minlaydi, qolaversa suvdan foydalanuvchi mablag‘i tejaladi. Chunki texnik suv ichimlik suviga nisbatan ancha arzon.
E’tibor berdingizmi, endi har bir xonadonga ikkitadan suv quvurlari kiritiladi. Birida ichimlik suvi, ikkinchisidan kir yuvish, hammom, oshxonada foydalaniladi. Bunaqasi haligacha amaliyotda uchramagan.
Biz “Yangi Qo‘qon” bilan tanishayotganimizda Avazbek Madaminov iymanibgina yana bir yangilik haqida gap ochib qoldi.
– Har bitta xonadonni isitish “Yangi Qo‘qon” mavzesiga maxsus qurilgan markaziy qozonxonadan amalga oshiriladi. Bundan tashqari xonadonlardagi isitish panellari – radiatorlarni elektr tarmog‘iga ulanadigan mutlaqo yangi shaklini buyurtma asosida tayyorlatdik. Markaziy isitish tizimida tasodifan biron muammo chiqib qolsa uni bartaraf etguncha uy egasi o‘ziga kerakli xonalarni radiatorni elektr tarmog‘iga ulash orqali isitaveradi.
Shunday qilib “Yangi Qo‘qon” uylari har qanday sharoitda ham birdek isitilishiga kafolat berilyapti. Umuman, bunday qurilish tizimi, uy-joy infratuzilmasidagi ilg‘or ishlanmalar uysozlikda yangi sahifa ochmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/T704tIrOdus" title="“Yangi Qo‘qon”– uysozlikda yangi sahifa" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov.