Yangi qonunlar mohiyati tushuntirilmoqda
2021 yil 1 aprelda Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida» va «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar uchun ayni muddao bo‘ldi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassislari mazkur qonunlarning mazmun- mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tomorqa yer egalari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri Oqqo‘rg‘on tumani Tortuvli mahallasida yashayotgan Saidrahmon Umurzoqovning xonadonida bo‘ldi.
– Bu qonunlarning qabul qilinishi bizga o‘xshagan oddiy mehnatkashlarning tomorqa xo‘jaliklarini mustaqil ravishda boshqarishimiz, jumladan, yetishtirilgan hamda mustaqil tarzda qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin realizatsiya qilishimiz, mustaqil ravishda narx belgilash va olingan daromadlarni tasarruf etishimizga yordam beradi, – deydi Saidrahmon aka. – Endi dehqonlarimiz yetishtirgan mahsulotini o‘zi xohlagan narxda sotishi, kerak bo‘lsa, eksportga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Bu esa bozorlarimiz qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan to‘lishi va raqobat muhiti shakllanishi uchun muhit yaratadi.
Jahongir Galayev,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yetakchi mutaxassisi