Yangi qonun loyihasining muhokamasi
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada «elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, yangi qonun loyihasida belgilangan muhim qoidalar va dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada «elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, yangi qonun loyihasida belgilangan muhim qoidalar va dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Konferensiyada turli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, mamlakatimiz va xorijlik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayevning so‘zlariga ko‘ra, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish zamonaviy jamiyatni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish uchun texnologik muhitni shakllantirish barobarida jamiyat hayotini demokratlashtirish va liberallashtirishga ham xizmat qilmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan yangi interfaol xizmatlar ishlab chiqish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sanoat va biznes sohalariga yanada integratsiyalashtirish konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, elektron tijorat va ishonchli elektron to‘lov tizimlarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan interfaol davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi. Bugungi kunda portal vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rsatiladigan 250 dan ziyod turli interfaol xizmatlarni o‘z ichiga olgan. Ayni paytda portalga kelib tushgan 350 dan ortiq ariza va murojaatning har biriga rasmiy javob qaytarildi va zarur choralar ko‘rildi. Davlat organlari faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash maqsadida portalda 50 dan ortiq tashkilotning 600 dan ziyod ochiq ma’lumotlar to‘plami taqdim etilgan.
Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davlat organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining faol hamkorligini kengaytirmoqda. Ayni paytda bir milliondan ortiq elektron imzo berilgan bo‘lib, bu xususiy tadbirkorlarga o‘z hisobotlarini elektron shaklda taqdim etish imkonini yaratmoqda. Buning samarasida bir qator ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi. Tadbirkorlar esa o‘z vaqtini tejash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi nafaqat bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, balki ko‘plab dolzarb vazifalarni hal qilish, interaktiv xizmatlar sifatini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishni jadallashtirishga qaratilgan. Qonun loyihasiga «elektron xizmat» tushunchasi ham kiritilmoqda va bu davlat organlari saytida qayd etilgan va interaktiv rejimda ko‘rsatilmaydigan xizmatlardan bunday xizmatlarni farqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, loyihada «elektron hukumat»ning interaktiv davlat xizmatlarini takomillashtirish, davlat, vakolatli organlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda aholi hamkorligini tartibga solish vazifalari, shuningdek, «elektron hukumat»ning markaziy ma’lumotlar banki va davlat organlarining axborot tizimlarini o‘z ichiga olgan infratuzilma tizimi ham belgilangan.
Konferensiyada qonun loyihasi normalari muhokama qilindi, uning samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.