Yangi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi
Avval xabar berilganidek, 16-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Avval xabar berilganidek, 16-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2014-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqilganidan keyin deputatlar mamlakatimizda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida o‘tkazilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyulda qabul qilingan “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdan o‘z ishlarini boshladilar. Qonun loyihasi kreditorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni qaytarish kafolatlarini, korxona bankrot bo‘lganda byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalarga to‘lovlar bo‘yicha talablarni kreditorlarning garov bilan ta’minlanmagan talablariga mutanosib ravishda qondirish orqali ularning talablarini qondirish navbati tartibiga o‘zgartishlar kiritish asosida kuchaytirishni nazarda tutadi.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, tadbirkorlarning huquqlari himoya qilinishini kuchaytirish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish hisobiga mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Shundan so‘ng deputatlar “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun loyihasi qonun hujjatlarining atamalari va huquqiy normalarini bir xilda qo‘llash hamda ular turlicha talqin qilinishining, muvofiqlikni baholash bo‘yicha ishlar takrorlanishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. Tuzatishlarni “Metrologiya to‘g‘risida”gi va “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritish nazarda tutilgan.
Deputatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratdilar.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga, shuningdek, fuqarolarning kundalik turmushiga axborot texnologiyalarini singdirishga katta e’tibor berilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining, shuningdek, ulardan foydalangan holda ko‘rsatiladigan xizmatlarning muvaffaqiyatli joriy etilishi ijtimoiy-iqtisodiy sohaning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, biznesni rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining jahon iqtisodiyoti tizimiga uyg‘unlashuvi mamlakatimiz biznesi tomonidan tegishli texnologiyalar nafaqat tashqi, balki ichki bozorlarda ham qo‘llanilishiga olib kelishi muqarrardir.
Qonun loyihasi elektron hujjatlar va xabarlardan foydalangan holda tovarlar sotish, ishlar bajarish hamda xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, elektron tijoratni amalga oshirish va uning ishtirokchilari huquqlarini himoya qilishga doir huquqiy mexanizmlarni belgilab qo‘yish uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan. Elektron tijorat asosida axborot tarmoqlari va oqimlari vositasida operatsiyalarning shaffofligini oshirish mumkin. Bu esa xaridorlar va sotuvchilarga turli raqobatchilar tomonidan taklif etilayotgan narxlar, mahsulot sifati va yetkazib berish shartlari to‘g‘risida bir lahzada axborot olish imkonini beradi.
Ushbu qonun loyihasini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari so‘zga chiqdilar.
Faxriddin Soliyev, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:
– Ushbu qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining raqobatbardoshligi, moliyaviy barqarorligi va investitsiyaviy faolligining yanada oshirilishi, shu jumladan, mamlakatimiz tovarlarining chet el bozorlariga chiqishi uchun elektron tijorat infratuzilmasining shakllantirilishi ta’minlanadi.
Bizningcha, qonun loyihasi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining zamonaviy voqeliklari va istiqbollariga javob bergan holda mamlakatimiz kompaniyalari elektron shaklda biznes bilan shug‘ullanishi uchun samarali muhitni vujudga keltirishga, ularning mahsulot yetkazib beruvchilar va iste’molchilar bilan to‘laroq hamkorlik qilishiga, mahsuloti va xizmatlarini jahon bozoriga chiqarishga qaratilgan.
Hafiza Karimova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:
– Qonun loyihasi elektron hujjatlar va xabarlardan foydalangan holda nafaqat tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoit yaratishga, balki elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlarini ta’minlashga ham qaratilgandir. Shu bilan birga qonun loyihasi xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori texnologik bozor infratuzilmasini yaratish imkonini beradi. O‘z navbatida, bu aholi bandligini ta’minlash va mehnat unumdorligini oshirishning muhim omiliga aylanadi, bu esa partiyaning dasturiy vazifalariga to‘liq mos keladi.
Hozirgi vaziyatda qulay shart-sharoitlar yaratish va elektron tijoratni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, tashkiliy, texnologik va qonunchilik masalalarini hal qilishga yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida qonun loyihasi ushbu sohaning tegishli vakolatli organ tomonidan tartibga solinishiga doir norma bilan to‘ldirilmoqda, shuningdek, mazkur organning vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Ilhom Abdullayev, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi:
– Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi zamonaviy axborot texnologiyalarini milliy iqtisodiyot tizimiga faollik bilan joriy etilishini ta’minlashga, mamlakatimizning tovar ishlab chiqaruvchilari va xizmatlar ko‘rsatuvchilariga qulay shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan.
Shu munosabat bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi elektron tijoratning tashkiliy, texnologik masalalarini hal etishga, axborotning xavfsizligiga va elektron tijorat ishtirokchilarining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga, atama va tushunchalarni ta’riflashga, elektron tijoratda davlat xaridlarini amalga oshirishga yagona yondashuvning, shuningdek, xorijiy qatnashchilar ishtirokidagi bitimlarni tuzishda qo‘llaniladigan zaruriy huquqning ta’minlanishi tarafdoridir.
Ra’no Gaimova, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:
– Qonun loyihasi mamlakatimizda elektron tijoratni yanada rivojlantirish va rag‘batlantirishni nazarda tutadi. Eng asosiysi, axborot tarmoqlari vositasida elektron savdo operatsiyalarining shaffofligi oshib boradi, bu esa sotuvchilar va xaridorlarga qisqa vaqt ichida shartnomalar tuzish imkonini beradi. Hujjat iqtisodiyotning liberallashuvi va globallashuvi sharoitlarida demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirishga ham qaratilgan.
Shu bilan birga qonun loyihasi bozorning yangi ishtirokchilari paydo bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratib beradi. Bundan tashqari, ushbu huquqiy hujjat qabul qilingach, kichik biznes subyektlari xalqaro bozorda samaraliroq raqobatlasha oladi. Bizningcha, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kundalik faoliyatida axborot texnologiyalaridan keng foydalanish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratilishi zarur.
Huquqiy hujjatlarning muhokamasi partiyalar dasturlari va saylovchilarning fikrlari inobatga olingan holda qiziqarli, bahslashuv va erkin munozara ruhida o‘tdi. Qonun loyihalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan eng maqbul takliflar hujjatlarni maromiga yetkazish chog‘ida hisobga olinadi.
Muhokamalar chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda deputatlar yuqorida qayd etilgan qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma’qulladilar hamda hujjatlarni keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlashni mas’ul qo‘mitalarga topshirib, ularni birinchi o‘qishda qabul qildilar.