Yangi qonun bilan Soliq kodeksiga qanday o‘zgartishlar kiritildi?
2021 yilning 14 dekabridagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblash va hisobotlarni taqdim etishda quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, mol-mulk solig‘ini hisoblab chiqarishda bino va inshootlar bo‘yicha soliq bazasi (liniyali ob’ektlar va tugallanmagan qurilish ob’ektlari bundan mustasno) quyidagi miqdorlarda 1 m² uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas. Toshkent shahrida – 2,5 million so‘m, Nukus shahrida va viloyat markazlarida – 1,5 million so‘m, boshqa shaharlarda va qishloq joylarda – 1 million so‘m.
Agar ob’ektning 1 m² qiymati belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lsa, soliq to‘lovchi ko‘chmas mulk ob’ektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirish uchun baholovchilarni jalb etishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida e’tirof etiladi.
Yana bir yangilik, soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish bo‘yicha qator huquqlar berildi. Xususan, 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani 2022 yil 1 fevralga qadar ko‘chmas mulk ob’ektlariga 1 m² minimal qiymat miqdorini hisobga olmagan holda taqdim etish, 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma’lumotnomani 2022 yil 1 aprelga qadar, penya hisoblash ko‘rinishidagi javobgarlik chorasini qo‘llamasdan taqdim etish zarur.
Shu bilan birga, 1 m² ob’ektning qiymati belgilangan minimal qiymatdan kam bo‘lgan taqdirda, 2022 yil 1 aprelga qadar ko‘chmas mulk ob’ektlarini mustaqil baholash rejalashtirilganligi to‘g‘risida soliq organini xabardor qilgan holda ko‘chmas mulk qiymatini 2022 yil 1 oktabrga qadar mustaqil baholashni o‘tkazish, mustaqil baholash yakunlangandan keyin 30 kun davomida soliq organlariga mol-mulk solig‘i hisobotini taqdim etish mumkin.
Yangi neft va gaz quduqlarini, ularni foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki 2 yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu soliq imtiyozining amal qilish muddati yakunlangach, keyingi 3 yil davomida mazkur quduqlarga nisbatan belgilangan soliq stavkasining 50 foizga kamaytirilgan stavkasi qo‘llaniladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA