Davlatning asosiy maqsadlaridan biri – aholining turmush tarzini yaxshilash, ularning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarlicha sharoit yaratish hisoblanadi. Bunda, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash eng ustuvor vazifa sanaladi.
Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida markaziy o‘rinlardan birida. Chunki bu fuqarolarning sog‘lig‘i, hayoti bilan bog‘liq dolzarb masaladir.
Davlatimiz rahbari 2025 yil 3 fevralda imzolagan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun bu borada qanday ahamiyat kasb etadi? Senator Gulnora Marufova bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik jihatdan maqsadli va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, aholining kundalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularga davlat tomonidan imtiyozlar berilmoqda hamda eksport va importga qulay sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barobarida, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali xorijiy davlatlar oziq-ovqat ta’minotiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan muntazam e’tirof etilmoqda. Jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida “Ming yillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgani uchun maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 davlat orasida O‘zbekistonning ham borligi e’tiborga molik.
Shu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, albatta, o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bu o‘z navbatida, ushbu sohani tartibga soluvchi normativ bazani kuchaytirishni taqozo qildi.
Shu sababli, bu boradagi ishlarni tizimli ravishda tartibga solish maqsadida yagona qonun hujjatini tayyorlash zaruriyati yuzaga keldi. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Shundan kelib chiqqan holda mazkur qonun ishlab chiqildi.
– Qonunning asosiy mazmun-mohiyati nimalardan iborat?
– Qonun 5 bob va 25 moddadan iborat bo‘lib, unda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha umumiy qoidalar, ushbu sohani tartibga solish hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, iste’molchilarning, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari aks etgan.
Qonunning maqsadi – oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning qo‘llanish sohasi aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunda asosiy tushunchalar – “davlat zaxirasi”, “ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari”, “oziq-ovqat balansi”, “oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi”, “oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi”, “oziq-ovqat xavfsizligi”, “xavfsiz oziqlanish” hamda “xomashyo” tushunchalariga aniq ta’rif berilmoqda.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy tamoyillar, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Eng asosiysi, oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish mustahkamlanib, bunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlariga aniqlik kiritildi.
– Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida asosiy vakolatli davlat organi qanday ishlarni amalga oshiradi?
– Qonunga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu borada asosiy vakolatli davlat organi etib belgilandi. Mazkur vazirlik respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqadi.
Kelgusi yil uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosiga bo‘lgan ehtiyojning prognoz hajmlarini ishlab chiqish, ularning bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish, davlat zaxirasini hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtirish kelgusi yil uchun oziq-ovqat balansini ishlab chiqish kabi ishlarni ham bajaradi.
– Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘riladi?
– Qonunda bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat oziq-ovqat balansini shakllantirib boradi. Bu oziq-ovqat tanqisligining oldini olishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tsak.
Jumladan, davlat oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantiradi.
Aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek ,ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlaydi.
Oziq-ovqat xavfsizligi va aholining xavfsiz ovqatlanishi sohasidagi faoliyatning samaradorligini ta’minlaydi.
Oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorining ehtiyojlarini doimiy monitoring qiladi.
Qonun orqali oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yagona hujjatda birlashtirildi va sohadagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solishga erishildi.
Qonun xalq deputatlari mahalliy kengashlarining tegishli doimiy komissiya a’zolari, mutaxassislar va ekspertlar, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida bir necha bor qizg‘in muhokama qilingan.
Aytib o‘tish kerakki, davlatimiz rahbari Senatning birinchi yalpi majlisida qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozimligini ta’kidlagan.
Shu sababli, qonun yuzasidan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining ijobiy xulosalari ham olindi. Shuning uchun ham qonun hududlar manfaatlariga mos keladi, deb ishonch bilan ayta olamiz.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.