Yangi qaror mazmun- mohiyati tushuntirildi
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘linmasi xodimlari tomonidan Yangiyer va Shirin shaharlari, Xovos va Boyovut tumanlari tibbiyot birlashmalarining tibbiyot xodimlari va aholi vakillari uchun seminar tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbarining joriy yil 5 sentyabrdagi «Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan maqsad va vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan taqdim etiladigan tibbiy xizmatlarning kafolatlangan hajmi, undan bepul foydalanish tartibi, shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining dasturi doirasida tekin dori vositalarini berish tartibi ham tushuntirildi.


–Seminarda aholining barcha qatlamiga kafolatlangan paket, unga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish, kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida bepul davolanish shartlariga ham to‘xtalib, bu kabi imtiyozga ega bo‘lish uchun har bir kishi o‘zi yashaydigan hududdagi oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlariga borishi, u yerda oilaviy shifokorga yoki tibbiy brigada a’zolariga murojaat qilib, belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerakligi mutaxassislarimiz tomonidan tushuntirib o‘tildi,—deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Olimjon Bekmurodov.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri