Yangi qabul qilingan qonunlar targ‘ib qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Abira Huseynova ishtirokida Buxoro viloyatining tuman va shaharlarida deputatlar, aholi vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Buxoro shahridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyi majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalariga oid ko‘plab qonunlar qabul qilinayotgani, mazkur hujjatlar o‘z yo‘nalishidagi ishlarni tartibga solish bilan birga xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni mazmun-mohiyati hamda Senat tarkibida tashkil etilgan yangi – Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi va uning oldida turgan vazifalar haqida tushuntirish berib o‘tildi.

Senator tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, bu borada nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining vazifalari haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 25-26 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Yalpi yig‘ilishida muhokama qilinib tasdiqlangan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun mohiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. Qonun dastlab 1991, so‘ngra oxirgi tahriri 1998 yilda qabul qilingan Qonunlar bilan yangi Qonunning farqlari tushuntirildi. Diniy sohadagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berildi. Vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari belgilab berildi. Diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni ta’minlanishining kafolatlari, shu jumladan yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi mustahkamlab qo‘yilganligi alohida uqtirildi.

Yig‘ilishda Viloyat jamoatchilik kengashi a’zolari va Ijtimoiy sherikchilik komissiyasi a’zolari uchun yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan qarorlar qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA