Rim katolik cherkovi yangi rahbari Papa Leo XIV hokimiyat ramzlari – "baliqchi uzugi" va palliy – kashta tikilgan xochli jun tasmani qabul qilib oldi. Ushbu qadimiy marosim pontifikat 267-chi Papa faoliyati rasman boshlanganini bildiradi.
Papa va’zi, "Osmon malikasi"ni duo qilish bilan yakunlanadigan ochilish marosimi Leo XIV raisligida kechadi. Maydonda ko‘plab dindorlar, shuningdek xorijiy mamlakatlardan kelgan 150 dan ziyod delegatsiya a’zolari, qirollik xonadonlari va diniy konfessiya vakillari, nasroniylardan tashqari musulmonlar, yahudiylar, hindular va butchilar ham bor. Muqaddas taxt matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda 150 mingga yaqin odam to‘plangan.
14 sentyabr kuni 70 yoshga to‘ladigan Rim katolik cherkovining amaldagi rahbari nisbatan uzoqroq vaqt pontifiklikka ega bo‘lishi kutilyapti.
Leo XIV o‘z va’zida dindoshlarini cherkovda birlashishgka chaqirib, bu tinch-totuv yashash uchun asos ekanini ta’kidladi.
– Zamonamizda hamon juda ko‘p kelishmovchilik, nafrat, zo‘ravonlik, noto‘g‘ri qarash, boshqalardan qo‘rqish, yer resurslaridan foydalanadigan va eng kambag‘allarni chetga suradigan iqtisodiy paradigma tufayli yuzaga kelgan juda ko‘p yaralarni ko‘rmoqdamiz, – dedi pontifik.
Papa "hech qanday xizmatlarisiz" saylanganini tan olarkan, o‘zini "boshqalarning ishonchi va quvonchiga xizmat qiluvchi birodardek kamtar" his qilishini aytdi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita avvalgi hamkasblari xizmatini e’tirof etib o‘tdi.